O‘ZMTDP FAOLLARI SAMARQAND DAVLAT ARXITEKTURA-QURILISH INSTITUTIDA O‘TKAZILAYOTGAN IJODIY IMTIHONLAR JARAYONI BILAN YAQINDAN TANISHISHDI

Shu kunlarda Respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlariga talaba bo‘lish istagida hujjat topshirgan abituriyentlar uchun adolat mezonlariga asoslangan test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda. Samarqandda ham bu jarayon uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Talaba bo‘lish orzusida sinovlarga puxta hozirlik ko‘rgan barcha abituriyentlar o‘z bilimlariga tayangan holda testga kirishmoqda. Fikri teran, dunyoqarashi keng barcha yigit-qizlarning dilidagi yagona istak, kelgusida o‘z sevgan kasbning malakali mutaxassisi bo‘lib yurtimiz uchun munosib xizmat qilishdir.
Alohida iqtidor talab qilinadigan abiturentlar uchun boshlangan ijodiy imtihonlar ham Samarqandda xususan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida shaffof va ochiq kechmoqda. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi raisi Zebiniso Shodiyeva ushbu jarayon bilan yaqindan tanishdi.
Partiya viloyat kengashi raisi institut ma’muriyati tomonidan shaffoflikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ishlarni ko‘zdan kechirar ekan imtihon o‘tkazilayotgan barcha auditoriyalarda kuzatuv kameralari o‘rnatilganligi, ota-onalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn monitorlar orqali imtihon jarayonini kuzatib borayotganligi hech qanday e’tirozlarga o‘rin qoldirmasligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tashrif so‘ngida institut rektori Sultan Ilyasovich Axmedov partiya faollariga bitiruvchilar tomonidan institutimiz hududida amalga oshirilgan bitiruv malakaviy diplom loyihalari bilan tanishtirib o‘tdi.