Binolar qurilishi va zilzilabardoshlikni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy usul va uslublar hamda innovatsion yondashuv
2018-yil 21 noyabr kuni Samarqand davlat arxitektura qurilish institutining faollar zalida “ Binolar qurilishi va zilzilabardoshlikni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy usul va uslublar hamda innovatsion yondashuv” mavzusida ilmiy amaliy seminar o‘tkazildi. Seminarda Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, hamda Surxondaryo viloyatlari hokimliklari, Qurilish boshqarmalari, FVB, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, loyiha institutlari, Er resurslari va kadastr bo‘limlari, qurilish tashkilotlari, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi, Milliy teleradiokompaniya ishtirok etishdi. Seminarning asosiy maqsadi binolar qurilishida zilzilabardoshlikni ta’minlash, individual ravishda qurilayotgan binolarning seysmik mustahkamligini ta’minlash, zilzilabardoshligini oshirishga qaratilgan yangi, zamonaviy innovatsion usul va uslublar to‘g‘risida aholiga ma’lumot berish, sohada amalga oshirilayotgan innovatsiyalar to‘g‘risida axborot almashish orqali mutassadi idora va tashkilotlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish hisoblanadi. Ilmiy-amaliy seminarni O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi instituti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Z.T.To‘raev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng so‘z navbati seminar ma’ruzachilariga berildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Rashidov Tursunboy Rashidovichning “Hududlarda seysmik xavsizlik muammolari” va Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti dotsenti Vladimir Anatolevich Kondratevning “Общие сведения о землятресениях, их причина возникновения и последствиях” va “Результаты иследований и практическых разработок по оценке и управлению сейсмическим рискам города Самарканда” mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Seminar ishtirokchilarining o‘zlarini qiziqtirgan savol javoblaridan so‘ng navbat keyingi ma’ruzaga berildi. O‘zbekiston Respublikasi Seysmologiya instituti katta ilmiy xodimi Sodiqov Yusuf Muxtorovichning “Hududlarning seysmik xavfi va seysmik rayonlashtirish muammolari” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi. Qatnashchilarga ma’ruzaga oid videorolik namoish etildi. Shundan so‘ng “ Binokor temir beton servis” MCHJ qo‘shma korxonasi bosh texnologi J.Sh.Shuxratxodjaev o‘zining “Binolar qurilishida seysmik xavfsizlik talablari, zilzilabardosh binolar uchun sifatli qurilish materiallarini tayyorlash texnologiyasi” mavzusidagi ma’ruzasi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi. Ushbu ma’ruzadan so‘ng ma’ruzachiga yig‘ilish qatnashchilari tomonidan ko‘plab qiziqarli savollar berilib, berilgan savollar yuzasidan tegishli javoblarni olishdi. Bundan tashqari seminarda O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi instituti kafedra boshlig‘i podpolkovnik Nazarov O‘tkir Ravshanqulovich ham o‘zining “Kuchli zilzila bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda aholining harakati ” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Shuningdek seminarning nazariy qismi yakunida taklif va tavsiyalar berilib, ixtiro va innovatsion ishlanmalar, adabiyotlar, maxsus avariya – qutqaruv texnikalari va asbob- anjomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.