SAMDAQI: “MILLIY YUKSALISH VA YOSHLARNING IJTIMOIY – SIYOSIY FAOLLIGINI OSHIRISHNING DOLZARB MASALALARI” MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-NAZARIY KONFERENSIYASI ONLAYN O‘TKAZILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoiylik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish borasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 fevraldagi 56-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan “2020 yilda respublika miqyosida o‘kaziladigan ilmiy va ilmiy - texnik anjumanlar rejasi” ga muvofiq 25 aprel kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan “Milliy yuksalish va yoshlarning ijtimoiy –siyosiy faolligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konfrensiyasi o‘tkazildi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli karantin joriy qilinganligi sababli ushbu konferensiya ZOOM ilovasi orqali orqali onlayn o‘tkazildi.
Anjuman ishi beshta sho‘ba bo‘yicha tashkil qilingan bo‘lib, har bir sho‘ba o‘z yo‘nalishi bo‘yicha bevosita hozirgi yangilanish va islohotlar davrida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan ilmiy maqola va tezislarni qamrab oldi. Xususan, O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining yangi bosqichida ijtimoiy fanlarni o‘qitish samaradorligini oshirish, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar jarayonida yoshlarning faol fuqarolik pozitsiyasi va ma’naviy axloqiy qiyofasini shakllantirish, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni shakllantirishda yoshlar tashabbuskorligini mustahkamlash muammolariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalarni tinglash rejalashtirildi.
Konferensiya ishida respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari, jamoat tashkilotlaridan fan doktori professorlar, fan nomzodlari, o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, magistrlar va iqtidorli talabalar – jami yuzdan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Mazkur ilmiy-nazariy konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davr talablariga mos oliy ta’limni kompleks rivojlantirish, zamonaviy, yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash hamda ularning ma’naviy-axloqiy qiyofasini shakllantirish, qalbi va ongida milliy g‘urur, vatanparvarlik, tashabbuskorlik, mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, daxldorlik singari ijtimoiy-siyosiy xislatlarni tarbiyalash sari yo‘naltirilganligidadir. Shu maqsadda e’tibor ushbu vazifalarni amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy fanlarni o‘qitish samaradorligiga erishish masalalariga qaratildi. Konferensiya yalpi majlisida ana shunday dolzarb masalalar yuzasidan professorlar B.Turayev, O‘.Abilov, O.G‘aybullayev va dotsent E.Isakov, A.Quldoshev, K.G‘aniyev, A.Safarov, B.Isroilov, R.Yusupovlarning ilmiy ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiya yakunida bildirilgan fikr-mulohazalarda ushbu ilmiy anjuman o‘z maqsadiga erishganligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari o‘zlarining masofaviy chiqishlarida ushbu konferensiya tashkilotchilariga o‘z minnadorchiliklarini bildirdilar.
SamDAQI axborot xizmati