“Payshanba - huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 2018 yil 21 iyun kuni “Payshanba - huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan katta faollar zalida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB yoshlar va voyaga etmaganlar bo‘limi boshlig‘i E.Axrorov, Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB 3-son IIB XPGTP profilaktika katta inspektori B.M.Napasov, “Mirzo Ulug‘bek” MFY raisi M.Salomov, “Madadkor” MFY raisi I.Bobobekov, institut ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor v.b. O‘.Xudayarov,ma’naviyat va ma’rifat va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i T.S.Egamov, mahalla faollari,professor-o‘qituvchi va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirni institut institut ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor v.b O‘.Xudayarov kirish so‘zi bilan ochdi va yig‘ilish mavzusi hamda taklif etilgan mutasaddi tashkilot vakillari bilan tanishtirdi. SHundan so‘ng, yurtimizda haftaning har payshanba kuni jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni deb e’lon qilingani, ushbu taklif 2017 yil 9 fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan bildirilganini ta’kidladi.
Shu kuni hududlar prokurorlari va ichki ishlar organlari xodimlari joylarga chiqib, sodir etilgan jinoyatlar va ularning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish bo‘yicha turli uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etishlari haqida gapirar ekan, bugungi tadbir ham shular jumlasidan ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
So‘ngra so‘z navbati Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB yoshlar va voyaga etmaganlar bo‘limi boshlig‘i E.Axrorovga berildi. E.Axrorov o‘z so‘zida quyidagilarga to‘xtalib o‘tdi.
Avvalo, joriy yil mamlakatimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingani jamiyatimizning barcha jabhalari qatori ichki ishlar tizimi oldiga ham o‘z faoliyatini davr talabi asosida tubdan o‘zgartirish vazifasini qo‘ydi. Endi bizning ishimizga baho berishda ochilgan jinoyatlar, qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar soniga qarab emas, balki shunday holatlarning oldini olish, sabab va omillarini oldindan aniqlab, uni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar bosh mezon sifatida ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirishda xalq bilan yuzma-yuz muloqot tarzidagi huquqiy targ‘ibot tadbirlari muhim o‘rin tutmoqda. Binobarin, aholi orasida, ta’lim muassasalarida jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni tadbirlari o‘tkazib kelinayotgani bu boradagi sa’y-harakatlar samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Joriy yil boshidan boshqarmamiz tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari bilan hamkorlikda tashkil etib kelinayotgan bunday keng ko‘lamli tadbirlarda juda ko‘plab huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari, mahalliy hokimlik va jamoat tashkilotlari vakillari faol ishtirok etdi.
Profilaktika kuni tadbirlarida oilalardagi salbiy ijtimoiy-ma’naviy muhit sabablarini o‘rganish va tegishli choralar belgilash, jamoat joylarida tartib-qoidalarga rioya etilishi, fuqarolar o‘rtasidagi er va mol-mulkka doir mojarolar, avtotransport vositasidan foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish kabi va yoshlar o‘rtasida vujudga kelayotgan ma’muriy huquqbuzarlik va qoidabuzarliklar profilaktikasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir davomida “Mirzo Ulug‘bek” MFY raisi M.Salomov va “Madadkor” MFY raisi I.Bobobekovlarga so‘z navbati berildi. M.Salomov o‘z so‘zida yoshlar niholga o‘xshashi, uni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga etishi, bunda albatta oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega ekanligi va yoshlar o‘zlari, oilasi, xalqi, ma’naviy ildizlari haqida etarli tushunchaga ega bo‘lsa, jinoyat ko‘chasiga qadam bosmasligini tushuntirdi. Bunga erishish uchun jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etishi, burchini sidqidildan bajarishi lozimligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor v.b. O‘.Xudayarov yig‘ilishda ishtirok etgan ichki ishlar organlari mutasaddi rahbarlariga mazmunli suhbat tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot, zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratildi.