TALABA-YOSHLAR, YOSH O‘QITUVCHI VA ILMIY TADQIQOTCHILAR BILAN UCHRASHUV

Joriy yilning 26 noyabr kuni Samarqand davlat arxitektura- qurilish institutida  O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar  ijrosini ta’minlash va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 23 iyuldagi  642-sonli buyrug‘i asosida “Ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish jarayonlari, oliy ta’limdan keyingi ta’lim (tayanch doktorantura  va doktorantura) yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash ularning iqtidori, ilmiy va intellektual salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish masalasi” mavzusida institut talaba-yoshlari  hamda yosh o‘qituvchi va ilmiy  tadqiqotchilari  bilan  uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori E.X. Isakov, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor O.B.Hayitov va institut talabalari hamda bir qator yosh o‘qituvchi ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etishdilar.
Yig‘ilishni   ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor  Isakov Erkin Xo’jayorovich kirish so‘zi bilan ochib berib o‘z ma’ruzasida mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida innovatsiya va integratsiyaga asoslangan rivojlanish yo‘liga o‘tish ishlari, respublikamizda davlat dasturi bo‘yicha barcha hududlarda ilm-fan salohiyatini tiklash, hududlarning kompleks rivojlanishini ta’minlashda mavjud intellektual salohiyatdan samarali foydalanish, yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilganligi haqida ma’lumot berdi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda ilmiy izlanishlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning real muammolariga yo‘naltirish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy integratsiyani ta’minlash, o‘z navbatida, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan olimlarning ilmiy-texnologik ishlanmalarini amaliyotga joriy qilish samaradorligini oshirish mexanizmlarini yaratish masalalari o‘ta muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlab o‘tildi.
2017 yilning 1 iyulidan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimi quyidagicha bo‘ldi:

  • dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura;
  • dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktorantura.

Bundan tashqari Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash ularning iqtidori, ilmiy va intellektual salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish masalasi bo‘yicha ham  mamlakatimizda ijobiy  islohatlar olib borilmoqda.
Samarqand davlat arxitektura- qurilish institutida ham iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlariga yo‘naltirish, yoshlar o‘rtasida o‘zaro ilmiy-ijodiy hamkorlik muhitini rivojlantirish, o‘zaro fikr-mulohaza va tajriba almashishlari uchun sharoit yaratib berish, yoshlarni fan-texnika taraqqiyoti yo‘lida birlashtirish hamda yosh olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash  maqsadida  samarali amaliy ishlar olib borilmoqda. Iqtidorli talabalarni chet elga ilmiy stajirovka, o‘qishga va biliimlarini yanada oshirish uchun amaliyotlarga yuborish, uzluksiz ta’lim tizimini mazmun mohiyati, ilmiy tadqiqot va innovatsiya bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan yoshlarga shart sharoitlar va imkoniyatlar cheksiz ekanligi tushuntirildi.Tadbir fikr va mulohazalarga boy  tarzda o‘tdi. Yig‘ilish qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga kerakli va ijobiy  javoblarni olishdilar.