“YOHSLAR - KELAJAGIMIZ” DAVLAT DASTURINING NAVBATDAGI O’QUV SEMINARI TASHKIL ETILDI
Davlat va jamiyat boshqaruvida ham, biznesni taraqqiy ettirishda ham, umuman, barcha soha rivojida salohiyatli yoshlar muhim o‘rin tutadi. Yangidan-yangi tashabbus-g‘oyalarni ilgari surish, zamonaviy ish yuritish uslublarini joriy qilishda ana shu qatlamning nuqtai nazari va sa’y-harakatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois bugungi kunda yurtimizda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan, intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan boshlangan «Yoshlar-kelajagimiz» davlat dasturi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora –tadbirlar bugun barcha manzillarda tashkil etilib, bu borada samarali ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan 2018 yil 24 dekabr kuni Samarqand davlat –arxitektura qurilish institutida “Yoshlar-kelajagimiz” davlat dasturining navbatdagi o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarda institutning barcha fakultetlaridan tadbirkorlik va biznes sohasi bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan talaba yoshlar ishtirok etishdi. Seminarni institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori O.B.Xaitov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng so‘z navbati O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi “O‘zbekiston yosh tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlash markazi Samarqand viloyati bo‘linmasi” rahbari D. Nabievga berildi. D. Nabiev so‘zga chiqib, Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi shuningdek, uning tuman va shahar filiallariga murojaat etib, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish shartlaridan unumli va samarali foydalanishlari uchun shart sharoitlar mavjudligi to‘g‘risidagi qimmatli ma’lumotlarni berdi. SHuningdek tadbirda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi bosh mutaxassisi A.Tangirov ishtirok etib seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” to‘g‘risidagi 5468-sonli farmoni mazmun mohiyati haqida tushuncha berdi. Bundan tashqari 2019 yildan QQSning soddalashtirilgan tartibda to‘lanishi bo‘yicha yig‘ilish ishtirokchilariga ma’lumot sifatida aytib o‘tildi. Tadbir so‘nggida o‘quv seminari ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.