BOLAJONLAR BIZNING BAXTU KAMOLIMIZ
Yurtimizda har bir bola hech kimdan kam bo‘lmay ta’lim-tarbiya olishi uchun keng sharoitlar yaratilgan. Shu jumladan, nogironligi bor, ko‘ngli yarim bolajonlar hamisha e’tiborda bo‘lib kelmoqda. 2018 yil 24 dekabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand davlat arxitektura–qurilish instituti boshlang‘ich tashkiloti faol yoshlari tashabbusi bilan Samarqand shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 60-maxsus maktabgacha ta’lim muassasasida Yangi yil bayrami munosabati bilan “Bolajonlar bizning baxtu kamolimiz” nomli xayriya tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Samarqand davlat arxitektura –qurilish instituti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori O.B.Xaitov ishtirok etib, bolajonlarni kirib kelayotgan Yangi 2019 yil bilan chin yurakdan qutlab, ularga sog‘u salomatlik tiladi.
- Shu va shu kabi xayriya tadbiri bir necha yildan buyon o‘tkazib kelinadi, – deydi O.B.Xaitov.
– Har yili turli dasturlar bilan bolajonlarni ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilamiz. Maqsadimiz ularning bir kunini bo‘lsada mazmunli o‘tkazishga hissa qo‘shish hamda har doim e’tiborda ekanliklarini bildirishdir.
Tadbirda qorbobo va qorqiz ham ishtirok etib, bolajonlar ko‘nglini yanada shod etdi. Bolajonlar yangi yilga bag‘ishlab turli she’r va ashulalar ijro etishdi.
Xayriya tadbiri doirasida yulduzli viktorina, sahna ko‘rinishlar va boshqa qiziqarli dasturlar tashkil etildi. Shuningdek, bolajonlarga bayram dasturxoni yozilib, sovg‘alar ulashildi.Tadbir so‘nggida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faol yoshlariga muassasa rahbariyati tomonidan minnadorchilik bildirildi.