“IMOM BUXORIY HADISLARINING YOShLAR TARBIYASIDAGI O‘RNI”
Joriy yil 21 noyabr kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti talaba-yoshlari o‘rtasida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi asosida “Imom Buxoriy hadislarining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Samarqand mintaqaviy filiali direktori T. Evadullayev va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi J.Jumayevlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Dastlab Markazning tashkil etilishi, faoliyati, vazifa va maqsadlari to‘g‘risida, buyuk allomalarimizning merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish, nufuzli xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida keng ma’lumotlar berildi.
Hadis ilmining rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan vatandoshimiz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning ulkan ilmiy va diniy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish orqali xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ushbu mavzularga doir ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar berildi.
Islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan xalqimiz ma’naviyati va madaniyati rivojida tutgan o‘rni va ahamiyatini o‘rganish, ularning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etish hamda jahonda yuz berayotgan globallashuv jarayonida dunyoda, mintaqa va mamlakatimiz hayotida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning ma’rifiy-madaniy rolini va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish borasida ham batafsil ma’lumotlar berilib, Markaz ilmiy xodimlari tomonidan nashr etilgan kitoblar va “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi ostida chop etilgan turkum qo‘llanmalar, risolalar haqida tadbir ishtirokchilari yaqindan tanishtirildi. Shuningdek o‘tgan davr mobaynida markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilayotgan yutuqlar, joylarda o‘tkazilayotgan ma’naviy-marifiy targ‘ibot tadbirlari to‘g‘risida gapirib o‘tildi.
Tadbir yakuni savol-javoblarga boy qizg‘in tarzda bo‘lib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.