“Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv

2018 yil 22 oktabr kuni institut kichik faollar zalida institut professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda faxriylar kengashi raisi O‘.S.Shodiyev,O‘zbekiston Respublikasi Jangchi faxriy va nogironlar birlashmasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari E.T.Mavlonov, zaxiradagi  podpolkovnik B.M.Abduraimov, Afg‘on urushi qatnashchisi Sh.Amriddinov, institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.b O‘.J.Xudayarov va yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i T.S.Egamovlar ishtirok etishdi.
Uchrashuvni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.b.O‘.J.Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibidagi mavzu bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi. Shuningdek, yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.  Shundan so‘ng, so‘z navbatini Samarqand viloyat Faxriylar kengashi raisi O‘.S. Shodiyevga berdi.

O‘.S.Shodiyev o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy islohotlar qatorida Mudofaa sohasida ham ijobiy ishlar olib borilayotganligi haqida alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2018-yil 23 fevraldagi 140-sonli qarori va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4 avgustdagi PQ-3898-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ular qalbida Vatan taqdiriga yuksak dahldorlik, shijoat va fidoyilik tuyg‘ularini shakllantirish bo‘yicha “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostidagi tadbirning talabalar orasida targ‘ib qilinishi bilan qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni kuchaytirishga qaratiladi. Shuningdek Milliy armiyamizga jismonan baquvvat va ma’nan etuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchani hamda bu boradagi nazariy-amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazib borish maqsadga muvofiqdir.

 

 

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Jangchi faxriy va nogironlar birlashmasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari E.T.Mavlonov so‘zga chiqib, yoshlarda yon-atrofimiz va jahonda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish ko‘nikmalarini, turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish lozimligi haqida o‘z fikrlarini bayon etdi. Bundan tashqari har qanday murakkab vaziyatlarda tezkor va mustaqil qaror qabul qilish, zamonaviy harbiy-texnika vositalaridan samarali foydalanish malakasiga ega yoshlarni tarbiyalashda erishilayotgan yutuqlar katta ahamiyat kasb etib kelayotganligi ta’kidlandi.O‘zbekiston manfaatlarini nafaqat harbiy sohada, balki hayotning barcha jabhalarida himoya qilishga tayyor turish, yurt uchun fidoyi bo‘lish - bu bugungi kun talabi ekanini  hayotiy misollar orqali  tushuntirib, hozirgi yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish lozimligi yuzasidan qimmatli fikrlar bildirdi.

 

Keyingi so‘z navbati zaxiradagi podpolkovnik B.M.Abduraimovga berildi. B.M.Abduraimov yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirish, bu boradagi ta’lim-tarbiyaviy ishlarga mamlakatimiz fuqarolarini, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faol jalb etish va yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini singdirish maqsadida olib borilayotgan samarali ishlarning natijasi o‘laroq  yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi  joriy qilinganligi, yoshlarni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirilishi to‘g‘risida aniq  fikrlarni aytib o‘tib so‘z navbatini Afg‘on urushi qatnashchisi Sh.Amriddinovga berdi.Afg‘on urushi qatnashchisi Sh.Amriddinov o‘z so‘zida quyidagilarni ta’kidladi. Dunyoda hech qachon urush bo‘lmasin va urushning nomi o‘chsin! O‘z davrida  afg‘on urushiga safarbar etilgan askarlarning ko‘pchiligi Samarqand viloyati hududidan jalb etilganligi va bu askarlarning asosiy qismi urushda halok bo‘lganliklari  va u yerdan qaytib ona yurtlariga kela olmaganliklari tarixiy haqiqat ekanligini bayon etdi.Tadbir bahs-munozaralarga boy bo‘ldi hamda talaba-yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassisislardan atroflicha javob olishdi. Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirilib, buyuk kelajakni qurish yo‘lida oliy maqsadlar sari og‘ishmay mehnat qilishlari haqida gapirdilar.Tadbir yakunida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori O‘.Xudayarov tadbir tashkilotchilariga mazmunli suhbat tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.