SAMARQAND SHAHRI UCHUN “VATANPARVAR” BOG‘I LOYIHA TAKLIFI BERILDI

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov taklifi asosida Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining arxitektura fakulteti professor o‘qituvchilari va talabalariga Samarqand shahri “Spitamen shoh” ko‘chasida joylashgan hududda “Vatanparvar bog‘i”ning loyiha-taklifini tayyorlash topshirig‘i berilgan edi.2019 yilning 24 aprel kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, shahar hokimi Furqat Rahimov, Samarqand viloyati va shahrining mas’ul tashkilot xodimlari va  Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari ishtirokida mazkur bog‘ning bir necha loyiha-taklif taqdimoti bo‘lib o‘tdi.Barcha loyiha-takliflaridan asosiy maqsad bog‘ga tashrif buyuradigan yosh avlod vakillarida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan.Viloyat hokimi berilgan barcha taklif loyihalar bilan tanishganidan so‘ng, professor o‘qituvchilar Abdiyev.X, Soliyev.F, Manoyev.S, Rayimqulov.A, Ibragimov.N va Norqulov.O tomonidan tayyorlangan loyiha taklifining asosiy konsepsiyasi tanlanib, boshqa professor o‘qituvchilar va talabalar tomonidan tayyorlangan loyiha-takliflardan ba’zi ijobiy tomonlarni asosiy loyiha taklifiga kiritish bo‘yicha viloyat hokimi tomonidan ko‘rsatmalar berildi.
Loyiha uchun ajratilgan maydon 5424 m.kvni tashkil qilib, hududda quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

  1. Harbiy texnikalar ko‘rgazmasi hududi;
  2. Qiziqarli harbiy o‘yin va mashqlar hududi;
  3. Ko‘ngilochar attraksionlar hududi;
  4. Harbiy tarixiy muzey va qaxramonlar alleyasi;
  5. Umumiy ovqatlanish va suvda dam olish hududi;

Loyihada Samarqand shahri xalqi uchun yangilik hisoblangan osma kanat yo‘li, velodrom va elektron o‘qotar majmualarini barpo etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, harbiy tarixiy muzey zamonaviy axborot kommunikatsiyalari asosida tashkil qilinadi. Aksariyat eksponatlar elektron shaklda namoyish etishga mo‘ljallanadi. Bundan tashqari “Qahramonlar alleyasi, tarixiy sarkarda va xalq qahramonlari” haykallari bilan bezatiladi. Bog‘ hududidagi mavjud ko‘l asosida suv ustida dam olish majmuasi tashkil qilinadi. Turli tantanaviy marosimlarni o‘tkazish uchun ko‘p funksiyali maydon va mobil amfiteatr loyihalanishi rejalashtirildi.