TEATR: “SUPER TALABA”

 

Xo‘sh, teatr nima o‘zi? Bu tushunchaning ma’nosi keng. Teatr deganda, avvalambor san’atning kattakon bir turini tushunamiz. Shu bilan birga teatr – bu tomosha – spektaklning o‘zi, tomosha ko‘rsatiladigan joy, spektakl qo‘yiladigan bino hamdir. Hech bir san’at teatr o‘rnini bosolmaydi. Chunki teatrda tomoshabin bir to‘p iste’dodli kishilar bilan birvarakayiga jonli muloqotda bo‘ladi. Sahna asarining ta’siri juda kuchli. Sababi nimada?
Teatr san’ati hayotni, voqea-hodisalarni, turli kurashlar va ziddiyatlarni, ichki kechinmalarni dramatik xatti-harakatlarda, aktyor ijrosi orqali aks ettiradi. Bunda yozuvchi tomonidan yozilgan pyesa yoki librettoga tayaniladi. Pyesani rejissyor sahnalashtiradi: rollarni aktyorlarga taqsimlab beradi, ular bilan mashqlar o‘tkazadi, rassom, libos tikuvchi, nur sozlovchi, musiqa tanlovchi (yoki kompozitor) va boshqalar bilan ish olib boradi. Pirovardida ko‘pchilik bo‘lib tayyorlangan sahna asari tomoshabinga ko‘rsatiladi. Aktyorlar sahnada yuz berayotgan voqealarga berilib, har xil fe’l-atvorli kishilarning qiyofalarini gavdalantiradilar, tomoshabinlarni sezib tursalar ham, sezmaslikka olib o‘ynaydilar. Sahnada hayot, voqelik birmuncha bo‘rttirib aks ettiriladi.
Bugun Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri tomonidan T.Yunus asari: “Niso xolaning hisobi” nomli komedik janriga mansub “Super talaba” deb nomlangan spektakl namoyish etildi.


 

Kirish so‘zlari bilan drama teatri direktori Tugalov Botir hamda institut Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Orif Xaitovlar hammaga hushkayfiyat tilagan holda spektaklni ochib berdilar.

 

Talabalarning real hayotiga asoslangan ushbu spektaklni institut talaba-yoshlari bilan birga professor-o‘qituvchilar ham maroq bilan tomosha qildilar.


 

Spektakl so‘ngida institut ma’muriyati va yig‘ilganlar nomidan Ilmiy ishlar va innovatsiyalar prorektori Erkin Isakov teatr aktyorlari va Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatriga minnatdorchilik bildirdi.


 

Ma’lumot uchun: seanslar davom etadi, spektakl 24-25 fevral kunlari soat 10:00 hamda 14:00 da institutimiz katta faollar zalida takroran namoyish etiladi. Barcha teatr ixlosmandlarini taklif etamiz!