DSinGIS: “GEOAXBOROT TIZIMIDA DOKTORANTURA” MAVZUSIDA XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA BO‘LIB O‘TDI
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 fevraldagi 133-f-sonli farmoyishiga muvofiq Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 2019 yil 22-23 oktabr kunlari “Geoaxborot tizimi (GAT) texnologiyasi sohasini rivojlantirishning dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan 585718-YeRR-1-2017-1-SE-EPPKA2-CBHE-JP raqamli “DSinGIS: Geoaxborot tizimida doktorantura” xalqaro grant loyihasida belgilangan reja asosida o‘tkazilmoqda.
Anjumanda geoaxborot va uning tarmoq sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan Yevropaning Vengriya, Avstriya, Shvetsiya, Germaniya kabi mamlakatlari hamda MDH mamlakatlaridan tashrif buyurgan olimlar, respublikamizning ishlab chiqarish korxonalaridan mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, yosh olimlar o‘zlari bajarayotgan va amalga tadbiq etilishi kutilayotgan innovatsion ishlanmalari, kashfiyotlari, ixtirolari hamda yangi ilg‘or g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan maqola, ma’ruza va tezislari bilan ishtirok etishdi.
— Assalomu alaykum hurmatli anjuman qatnashchilari, xonimlar va janoblar! Avvalambor sizlarni Samarqand shaxriga, Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga xush kelibsizlar deyman, - deydi SamDAQI rektori Sultan Ilyasovich Axmedov. — Bugun institutimizda “Geoaxborot tizimi (GAT) texnologiyasi sohasini rivojlantirishning dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda. O‘ylaymanki, anjumanda berilgan taklif va tavsiyalar nafaqat respublikamizda mazkur sohani rivojlantirishda balkim dunyo miqyosida muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tilagan holda, sizlarga omad va ilmiy izlanishlaringizga rivoj tilayman, kelajakda ilm fan sohasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishingizga, o‘z bilimlaringizni ilmu-fan taraqqiyoti yo‘lida safarbar qilishingizga ishonaman va muvaqqiyatlar tilayman. Yana bir bor Samarqand shahriga xush kelibsizlar!
Ilmiy-amaliy anjumanda muhokama qilingan dolzarb muammolarning yechimi, kelgusida geodeziya, kartografiya va kadastr sohasini rivojlanishiga, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni takomillashishiga, mehnat unumdorligi va ular yaratayotgan mahsulotlarini sifatini oshishiga, mehnat vaqti tejalishiga asos bo‘ladi.
Goeinformatika tizimida doktorantura loyihasining bosh kordinatori Obuda universitetining (Vengriya) doktori Lorant Foldvary: — Avvalambor assalomu alaykum, geoinformatika doktorantura sohasidagi o‘tkazilayotgan konferensiya bo‘yicha barcha hamkasblarimizga hamda tashkilotchilarga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman. Bu ilmiy-amaliy konferensiyaning asosiy maqsadi geoinformatika sohasidagi olib borilayotgan ishlar, oxirgi zamonaviy texnologiyalar haqida axborot berish. Konferensiyaning ikkinchi maqsadi O‘zbekiston Respublikasida geoinformatika sohasida olib borilayotgan ishlar va xalqaro Yevropa olimlari bilan hamkorlikda kelgusida qilinayotgan ishlarni o‘rganishga birgalikda amalga oshirishga yo‘l ochib beradi. Eng quvonarlisi shundaki, bu konferensiyada 60 dan ortiq maqolalar o‘zbek va rus tillarida chop etilib, qurilish muammolari ilmiy-texnik jurnaliga tanlab olindi. O‘ylaymanki ushbu konferensiya geoinformatika sohasida ish olib borayotgan yosh olimlarga kelgusida ilmiy ish yoqlashiga va uni rivojlantirishiga katta yordam beradi.
Anjuman ishtirokchilari va keng omma geoaxborot sohasining imkoniyatlari va eng so‘nggi yutuqlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot oldilar. Yuqori darajadagi axborot kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan ta’lim va ilmiy tadqiqot muhitini yaratish imkoniyatlarini o‘rganish, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlari o‘rtasidagi o‘zaro korpoorativ aloqalarni kuchaytirish bo‘yicha, kelajakda ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.