“AZIM SHAHRIM — SAMARQAND” YOSHLAR FESTIVALI

 

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining tashabbusi bilan hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi hamkorligida 2019 yilning 16 oktabr kuni “Azim shahrim — Samarqand” shiori ostida Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida yoshlar festivali o‘tkazildi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida bo‘lib o‘tgan festivalda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘zaro quyidagi 5 yo‘nalish bo‘yicha bellashdilar.
Birinchi tashabbus doirasida "ZAKOVAT" intellektual o‘yini, ikkinchi tashabbus doirasida "Shaxmat va shashka" musobaqalari, uchinchi tashabbus doirasida "IT competition", to‘rtinchi tashabbus doirasida "Zukko kitobxon", beshinchi tashabbus "Tadbirkor qizlar" nomi ostida hunarmand qizlar ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi.
— Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining 4 bosqichida tahsil olaman, — deydi ko‘rgazma ishtirokchisi Zilola Xudayarova. — Tikuvchilik bilan shug‘ullanayotganimga o‘n yil bo‘ldi. 2009 yildan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritayapman. Hozirda muassasamizning 2-talabalar turar joyida ham kichik tikuvchilik sexi tashkil etib, talabalarga kasbimning sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqdaman.
Mazkur 5 ta muhim tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlarda Samarqad shahrida joylashgan Oliy ta’lim muassasalarining 200 nafardan ortiq talabalar ishtirok etdilar.
Tanlovlar va musobaqalar hakamlar tomonidan baholanib, festivalning tantanali yopilish marosimida g‘oliblarga SamDAQI yoshlar bilan ishlash prorektori O.Xaitov, Yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi raisi A.Aslanov hamda “Bibixonim” o‘quv markazi direktori G.Gaffarovalar tomonidan esdalik sovg‘alari hamda diplomlar topshirildi.
— Institutimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor juda yuqori, buning uchun SamDAQI ma’muriyati hamda rektorimiz Sultan Ilyasovich Axmedovga jamoamiz nomidan alohida minnatdorchiligimizni izhor etaman, – deydi jamoa sardori Narzullayev Ilhomjon. — Haftaning har chorshanba kuni “Zakovat” intellektual o‘yinining fakultetlararo ichki tur o‘yinlarini o‘tkazib boramiz, mana bugungi bo‘lib o‘tgan Yoshlar festivalida biz bugun jamoaviy faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik! Bu esa rahbariyatimizning yoshlarga qaratilgan e’tiborlari va mehnatimiz orqali erishayotgan yutuqlarimiz gapimning yorqin isbotidir.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 5 yo‘nalish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan  festivalda SamDAQI talabalari faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib jamoaviy hisobda peshqadam bo‘ldilar, jumladan:
-"Zakovat" intellektual o‘yinida "Bunyodkor" jamoasi (SamDAQI), hamda "Zukko kitobxon" ko‘rik tanlovida SamDAQI jamoasi, Shaxmat bo‘yicha Malikova Malika, "Tadbirkor qizlar" ko‘rgazmasida Xudayarova Zilola faxrli birinchi o‘rinni;
- Shashka musobaqasi bo‘yicha G‘oyibnazarova Maftuna hamda "IT competition" tanlovida Usanov Bobur faxrli ikkinchi o‘rinni;
- "Shaxmat va shashka" musobaqasida, shaxmat bo‘yicha Abduhakimov Ozodbek va shashka bo‘yicha Yesenov Sherzod faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
Tadbirda viloyatimizning estrada yulduzlaridan xonanda Kamilla, “EuroAsia” guruhi hamda institutimizning  “Maroqandlik Bojalar” QVZ terma jamoasi ishtirokida yoshlar uchun badiiy kecha tashkillashtirildi.