SAYLOVLAR-DEMOKRATIYA KO‘ZGUSI

 

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida “Saylovlar-demokratiya ko‘zgusi” mavzusida seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda joriy yil saylovda ilk bor qatnashadigan yoshlarga saylov qonunchiligi va bu siyosiy jarayonning aholi hamda jamiyat hayotida tutgan o‘rni xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, shu yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkaziladigan saylovlarga xalqimiz juda katta qiziqish bilan qaramoqda. Mamlakatimizda ilk bor qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Saylov to‘g‘risida”gi Kodeksi asosida tashkil etiladigan siyosiy jarayonning har jihatdan demokratik prinsiplarga xos va mos tarzda o‘tishi shubhasiz.
Seminarda viloyat adliya boshqarmasi mutasaddi xodimlari “Saylov to‘g‘risida”gi Kodeksning ahamiyati va mohiyati, uning prinsiplari xususida yoshlarga batafsil ma’lumotlar berishdi. Saylov huquqi, saylov okruglari va uchastkalarini tuzish tartibi, saylov komissiyalari faoliyati, saylovchilar ro‘yhatini shakllantirish, saylov targ‘ibotini olib borish usullari va yo‘llari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Saylovda ilk bor ishtirok etadigan yoshlar saylov bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddi xodimlarga, partiya faollariga murojaat etishib tegishli javoblar olishdi.
Seminar yakunida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi g‘oya va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash istagini bildirgan bir guruh talaba yoshlar tashkilot safiga qabul qilinib, ularga a’zolik guvohnomalari topshirildi. Partiyamiz safining milliy manfaatlarimiz va milliy qadriyatlarimiz tarafdori bo‘lgan yoshlar bilan ortib borayotgani kishini quvontiradi. Azmu-shijoatli, qat’iy fikr va aniq qarashga ega bo‘lgan shunday yoshlarga ishonib “Birmiz! Qo‘lni qo‘lga beramiz!” va albatta yangi O‘zbekistonni “Milliy tiklanish” bilan birga quramiz deging keladi.
O‘zMTDP Samarqand viloyat kengashi matbuot xizmati hamda SamDAQI matbuot xizmati hamkorligida tayyorlandi.