XOTIN-QIZLAR KENGASHI YIG‘ILISHI BO‘LIB O‘TDI
Institut katta faollar zalida Xotin-qizlar qo‘mitasi institut boshlang‘ich tashkiloti professor-o‘qituvchilari va o‘quv-yordamchi xodimalar ishtirokida umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Orif Xaitov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Yig‘ilishda xotin-qizlar qo‘mitasi institut boshlang‘ich tashkiloti raisi Muqaddas Boboqulova talaba-qizlarda oilaga nisbatan muqaddas munosabatlarni shakllantirish, ularni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan yuksaltirishga va kiyinish madaniyatiga qaratilgan “Qizlarning sharqona odob-axloqi” mavzusida keng qamrovli tushunchalar berib shuningdek, institut miqyosida olib borilayotgan ishlar, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida axborot berib o‘tdi.
Qurilishni boshqarish fakulteti xotin-qizlar guruhi yetakchisi Yaxshigul Suyunova fakultetda olib borilayotgan ishlarlardan ko‘ngli to‘lmayotganligini, talaba-qizlarning odob-axloqi, kiyinish madaniyatini shakllantirishda professor-o‘qituvchilarning o‘rni, ularning ham roli muhim ahamiyat kasb etishi haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi.
— O‘qituvchilik kasbining mashaqqatlari, zamonaviy o‘qituvchiga qo‘yilgan talablar hamda o‘qituvchi obro‘-e’tiborli bo‘lishi uchun kiyinish madaniyatiga, odob-axloq qoidalariga eng avvalo o‘zi amal qilishi lozim, o‘qituvchi bilimlarini mustahkamlashi uchun tinimsiz mehnat qilishi kerak, kreativlik qobiliyatlarini rivojlantirishi zarur, - deydi “STK va SXMQ” kafedrasi katta o‘qituvchisi Gulmira Boboyeva.
“Insonning xulq-atvori va odobi” mavzusi bo‘yicha institut psixologi Sardor Otayorov ishtirokchilarni faollashtirish maqsadida psixologik o‘yin tashkil qilib mavzuga oid tarbiyaviy rivoyatlardan gapirib berdi.
— O‘sib kelayotgan talaba-yoshga aytayotgan amalingizga birinchi o‘rinda, o‘zingiz amal qilmas ekansiz, talaba hech qachon sizni aytganingizni qulog‘iga ilmaydi. Shunday ekan hurmatli professor-o‘qituvchilar hamda yosh pedagoglardan shuni iltimos qilardimki avvalo o‘zimiz yoshlarga o‘rnak bo‘laylik, - deya tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘z so‘zlari bilan Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Orif Xaitov yakun yasadi.