AKADEMIK BILAN UCHRASHUV

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 2018 yil 22 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarga muvofiq, “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti kafedra mudiri, texnika fanlari doktori, professor Mirsaidov Mirziyod Mirsaidovich bilan uchrashuv tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Mirziyod Mirsaidov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda institutning yosh olimlari, doktorantlari, mustaqil tadqiqotchilari, magistrant va  iqtidorli talabalari ishtirok etishdilar.
Uchrashuvni boshqarib borgan  institut rektori S.I.Axmedov  kirish so‘zida barcha tadbir ishtirokchilarini tabriklab, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishda  bu kabi uchrashuvlar muhim omil bo‘lib xizmat qilishi hususida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Mirziyod Mirsaidov O‘zbekiston fani yutuqlari va istiqbollari, ilmiy-texnologik salohiyatini  yuksaltirishda ilm-fanning rolini kuchaytirish, fanning ustuvor yo‘nalishlarida olib borayotgan faol ilmiy-tadqiqot izlanishlari natijalari  bilan respublika va xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan taniqli olimlar hisobiga kengaytirish, mavjud ilmiy maktablar an’analarini davom ettirish va yangi maktablar yaratilishini ta’minlash borasida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan innovatsiyalar va ilm-fanni rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berilayotganliklari haqida so‘zlab berdi.
Akademik Mirziyod Mirsaidov mamlakatimizda fan va texnologiyalarni jadallik bilan rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatining kadrlar va intellektual salohiyatini mustahkamlash, uni tashkillashtirish va boshqarish, ilmiy-tadqiqot muassasalari imkoniyatini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilish va olimlarning sermashaqqat mehnatlarini munosib moddiy rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Akademik Mirziyod Mirsaidov 2016 yilning 30 dekabrida Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning Fanlar akademiyasi akademiklari, etakchi olimlar, va respublika oliy ta’lim muassasalarining rektorlari  bilan o‘tkazgan dastlabki uchrashuvida  “Ilm-fanni rivojlantirish uchun nima qilmog‘imiz kerak? Nima qilsak, zamonamizdan Xorazmiylar, Buxoriylar, Beruniylar, Ulug‘beklar paydo bo‘ladi?” degan da’vatlariga  javoban, bugun Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan ezgu islohotlar, shiddatu shijoat bilan hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar, ilm-fanni rivojlantirish maqsadiga yo‘naltirilgan davlatimizning shu yo‘nalishda olib borayotgan oqilona siyosatiga har birimiz munosib bo‘lmog‘imiz lozim ekanligi  hususida ta’kidladi.
Institutda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Mirziyod Mirsaidov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni ilmiy tadqiqot sohalarida ilmiy yangiliklar, ixtirolar qilish, iqtisodiyotning barcha sohalarida va jamiyat hayotida Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga xizmat qiluvchi innovatsion jarayonlardagi ishtirokini  kengaytirish, innovatsion texnologiyalar yaratish jarayonlariga keng jalb etish, ularning iqtidori, ilmiy salohiyati va shijoatidan unumli foydalanish va intellektual salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish kabi ezgu maqsadlar yo‘lidagi  dastlabki qadamdir.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar mavzular yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldilar.