IX - XALQARO YEVROOSIYO MAMLAKATLARI ARXITEKTURA-QURILISH VA DIZAYNERLIK MAKTABLARI FESTIVALI DOIRASIDA XALQARO HAMKORLIK KENGAYDI

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish Vazirligi va Qozog‘iston arxitektura-qurilish bosh akademiyasi bilan o‘zaro hamkorlikda 2019 yil 14-17 noyabr kunlari Yevrosiyo mamlakatlari arxitektura-qurilish va dizaynerlik maktablari IX - Xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjumanda Rossiya Federatsiyasi, Gruziya, Moldova, Vengriya, Bolgariya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Litva, Italiya, Xitoy davlatlari arxitektura-qurilish va dizaynerlik maktablarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashdilar.
Festival O‘zbekistonning qurilish sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari xususan, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Buxoro texnologiya instituti bilan hamkorligida tashkil etildi.
Festival doirasida Toshkent shahrida eng yaxshi bitiruv ishlarining xalqaro ko'rik tanlovi o'tkazildi. Ko'rik tanlovda ishtirok etgan bitiruvchilarning o'z fikrlarini to'g'ridan-to'g'ri ifoda etish, o'z potensiallarini namoyish etish va kelgusidagi kasbiy faoliyatiga kirish uchun imkoniyat yaratadi. Tadbir ushbu sohaning yetakchilarini yig'di desak mubolag‘a bo‘lmaydi, eng yaxshi talaba loyihalari va magistrlik dissertatsiyalari baholandi. Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti talabalari faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar. Jumladan, II darajali diplom bilan – A.Dolgopolova, B.Xolmurodov, M.Axmedova, III darajali diplom bilan – M.Rahmatova, Y.Sharipova, F.Muzropovalar taqdirlandilar.
Yevroosiyo arxitektura-qurilish va dizaynerlik maktablari IX xalqaro festivalining 16 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Oblaqulov, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori Sultan Axmedov, Qozog‘iston bosh arxitektura-qurilish akademiyasi prezidenti Amirlan Kusainov va boshqalar so‘zga chiqdi.
Dastur davomida SamDAQI rektori Sultan Ilyasovich Axmedov bilan Qozog‘iston bosh arxitektura va qurilish akademiyasi Prezidenti Kusainov Amirlan AydarbekovichNovosibirsk davlat arxitektura va qurilish universiteti rektori Skolubovich Yuriy Leonidovich, Qirg‘iziston davlat qurilish, transport va arxitektura universiteti rektori  Abdiqalikov Akimbek Abdiqalikovich hamda Volgograd davlat texnika universiteti, Ozarbayjon arxitektura-qurilish universiteti, Bishkek shahridagi Xalqaro innovatsiya texnologiyalari universiteti oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari va memorandumlar imzolandi.
Ma’lumot uchun, festival ilk bor tashkil etilgandan buyon uning geografiyasi, ishtirok etuvchi mamlakatlar soni yil sayin ortib bormoqda. Dastlabki festivalda 7 mamlakatdan 18 ta oliy ta’lim muassasasi ishtirok etgan bo‘lsa, 2018 yil Kishinyov (Moldova) shahrida bo'lib o'tgan VIII Xalqaro Yevroosiyo arxitektura qurilish va dizayn maktablarining festivalida, Yevroosiyoning 17 mamlakatini to'plagan. Xalqaro tanlovda 56 ta universitetning 383 ta eng yaxshi bitiruv ishlari namoyish etilgan edi.

.