Kasb faoliyati musohabalari mavzusida davra suhbati

2018  yil 16 oktabr kuni arxitektura fakultetida “Kasb faoliyati  musohabalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirni arxitektura fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari A.Jamolov kirish so‘zi bilan ochib, qo‘yidagilarni so‘zladi.
Bugungi kunda dunyoning qiyofasi o‘zgarib, butkul yangicha qiyofa kasb etmoqda. Turli soha va munosabatlar o‘zgarib, yangi sohalar va munosabatlar paydo bo‘lmoqda. Ayrim sohalar va munosabatlar esa o‘zining ahamiyatini butkul yo‘qotib bormoqda. Butun dunyo tezkor o‘zgarishlarni, yangiliklarni boshdan kechirmoqda. Bu o‘zgarish va yangiliklar o‘zining ham ijobiy, ham salbiy xususiyatga ega ekanligi bilan xarakterlidir.
Bu jarayonlarda ijobiy xarakterga ega bo‘lgan va aksincha salbiy xarakterga ega bo‘lgan sub’ektlar ishtirok etmoqdalar. Manfaatlar to‘qnash kelgan dunyoda o‘z manfaatlariga erishish uchun sub’ektlar turli usullardan foydalanmoqdalar. Bu usullar siyosiy, harbiy, iqtisodiy, mafkuraviy, ma’naviy, texnologik, axborot xurujlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Biz ana shunday bir sharoitda yashar ekanmiz kelajakda qanday harakat qilishimiz lozimligini aniqlab olishimiz muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda bugungi tadbirimiz “Kasb faoliyati musohabalari” deb nomlanib, bunda biz O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, arxitektura fanlari doktori, professor Uralov Aktam Sindorovichning kasbiy mahoratlari bilan tanishamiz”, - deb so‘zni professor Uralov A.S.ga berdi.
Tadbirda so‘z olgan professor A.S.Uralov o‘zining hayot yo‘li va tajribalaridan qisqagina ibratli voqealarni keltirib, ilmiy va pedagogika sohasidagi faoliyati haqida qo‘yidagilarni bildirdi: “Meni kasbiy faoliyatimga 48 yil bo‘ldi. Men Toshkent poletexnika institutida o‘qib yurgan kezlarim - 1966 yil aprel oyida Toshkentda bo‘lgan zilzila oqibatlarini boshimdan kechirdim. Hukumat tomonidan zilzila oqibatlari o‘rganilib, arxitektura sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu yili O‘zbekistonda Arxitektura-qurilish instituti Samarqandda ochildi. Biz bitirayotgan vaqtimizda SamDAQIning birinchi rektori Abdurasulov domla Toshkentga borib, biz Samarqandliklarni to‘plab, so‘zlashib institutga ishga olib keldi. Shundan keyin mening ilmiy-pedagogik faoliyatim boshlandi. Ilmiy faoliyatim bilan Rossiya Federatsiyasining Moskva, Peterburg, Ukrainaning Kiyev shaharlarida bo‘ldim. Nomzodlik dissertatsiyamni Peterburg shahrida himoya qildim. Doktorlik ishimni 1998 yilda Toshkent shahrida himoya qildim. Ilmiy-pedagogik faoliyatim davomida to‘rt kishi mening rahbarligimda o‘z ilmiy ishlarini himoya qildilar. Shu ikki oy ichida yana uch kishi o‘zining ilmiy ishini himoya qilish arafasida turibdi. Ilmiy nashrlar sohasida 30 ortiq darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiya, risola va 100 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirdim. Men kasbiy faoliyatim davomida har qanday qiyinchilik va to‘siqlarni matonat bilan engib o‘tishda aslo chekinmadim, faqat olg‘a intildim. Natijada o‘z oldimga qo‘ygan barcha maqsadlarga erishdim. Qilgan sa’y-harakatlarim davlatimiz tomonidan e’tiborga olinib munosib taqdirlandim. Men bundan faqatgina faxrlanaman.
Siz yoshlarni ham maqsad sari aslo og‘ishmasdan faqat olg‘a intilishlaringizni tilayman. Bu yo‘lda sizga qanday maslahat va yordam kerak bo‘lsa berishga tayyorman”- deb, hammaga baxt va saodat tiladi.Shundan so‘ng, Professor A.S.Uralov talabalar tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berdi.
O‘tkazilgan tadbir davomida oldinga qo‘yilgan maqsadlarga to‘liq erishildi.