“Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid”

2018 yil 21 sentabr kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti  professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida “Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid” mavzusida ma’rifiy uchrashuv bщlib o‘tdi. Tadbirda institut  rektori S.I.Axmedov, Samarqand viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Z.A.Hamdamov, Samarqand viloyat davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari J.Shukurov va A.B.Qosimov,  Samarqand shahar Ruxobod masjidi imom xatibi T.B.Amirov, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB  3-son IIB XPG TP profilaktika katta inspektori B.Napasov, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar  ishtirok etishdi.
Tadbirni institut rektori S.I.Axmedov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibidagi mavzu bilan tadbir ishtirokchilarini tanishtirdi. Shuningdek, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarga “korrupsiya” tushunchasi, uni keltirib chiqaruvchi sabablar va hozirgi kunda bu kabi salbiy illatni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng, so‘z navbatini Samarqand viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Z.A.Hamdamovga berdi.
Z.A.Hamdamov o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda jadal sur’atlarda olib borilayotgan huquqiy islohotlar sharoitida inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishning muhim vositalaridan biri ekanligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni davlat organlari faoliyatining ochiqligini va hisobdorligini ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, davlat organlari, mansabdor shaxslarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirishga, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadlariga xizmat qilmoqda.
Qonun asosida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlar o‘z mazmun-mohiyati, maqsadi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning yangi bosqichini boshlab berdi.
Qonun normalarini hayotga tatbiq etish maqsadida yuqorida ko‘rsatilgan Prezidentimiz qarori bilan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi va uning hududiy boshqarmalarida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda korrupsiyaga oid xuquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘ng Samarqand viloyat davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi  xodimi A.B.Qosimov so‘zga chiqib, korrupsiya har qanday jamiyatning siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga zarar etkazishi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini xamda jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslarini emirishi, demokratik institutlar va qonun ustuvorligini kuchsizlantirishi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini jiddiy tarzda buzilishiga olib kelishi haqida gapirirdi. Korrupsiya uyushgan jinoyatchilikni, terrorizmni va insoniyat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa tahdidlarning o‘sishiga yordam beradi.
Muhataram Prezidentimiz ta’kidalaganlaridek, “Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur.” Shu maqsadda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida Samarqand shahar Ruxobod masjidi imom xatibi T.B.Amirov so‘zga chiqib, pora berish va olish Islomda katta gunoh sanalishini ta’kidlab, bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad (sallallohu alayhi vassallam) aytganlarki: “Pora beruvchini ham, pora oluvchini ham, ikkovi orasida yurib porada vositalik qiluvchini ham Alloh la’natlasin!”. Har bir musulmon, bu qadamni sodir etib, o‘z ummati sha’niga dog‘ tushirishini yodda tutishi kerakligiga aloxida urg‘u berib o‘tdi.
Tadbir bahs-munozaralarga boy bo‘ldi hamda talaba-yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassisislardan atroflicha javob olishdi. Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirilib, buyuk kelajakni qurish yo‘lida oliy maqsadlar sari og‘ishmay mehnat qilishlari haqida gapirdilar.
Tadbir yakunida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori O‘.Xudayarov tadbir tashkilotchilariga mazmunli suhbat tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuv mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratildi.