BOJXONACHILAR TALABA-YOSHLAR HUZURIDA

 

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti kichik faollar zalida viloyat hokimligi va viloyat bojxona boshqarmasi hamkorligida Yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijga eksport qilish tartibi” mavzusida institut talaba-yoshlari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat bojxona boshqarmasining Tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish va bojxona statistikasi bo‘limi katta inspektori A.Haqulov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda bojxona sohasida qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirib berdi.
Uchrashuv davomida talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5755-son Farmoniga asosan 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab quyida keltirib o‘tilgan tovarlar importida qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozlar bekor qilinishi ta’kidlab o‘tildi:
– asbest, ko‘mir, yog‘och va taxta mahsulotlari, uglevodorod xom ashyosi;
– soya urug‘i, kungaboqar va kunjut urug‘i, yog‘-moy xom ashyosi, shakar xom ashyosi;
– qishloq xo‘jaligi texnikalari, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi qismlar, material va texnologik jihozlar.
Shuningdek, davra suhbati doirasida talaba-yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, shu orqali yoshlarni bandligini ta’minlashga qaritilgan imtiyozli kreditlar hamda mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishda tovarlar eksportiga berilayotgan e’tibordan samarali foydalanish to‘g‘risida tushunchalar berildi.
Shundan so‘ng institut talabalari – M.Salimova, Sh.Ernazarov, A.Rahmatovlar sohaga oid o‘zlarining qiziqtirgan savollariga bojxonachilar tomonidan javoblar olishdi.
Mazkur davra suhbatlari viloyatdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilib kelinmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi hamda SamDAQI
Axborot xizmati