HAMKORLIK RIVOJLANMOQDA

Hozirgi kunda mamlakatimizda xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash, fan va ta’lim sohasida tajriba almashish  masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xorijiy aloqalarning o‘rnatilishi,  o‘zaro tajriba almashishning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonda fan va ta’limni yanada rivojlantirish, mamlakatning iqtisodiy qudratini mustahkamlash,  malakali mutaxassislar tayyorlashning samarali tizimini yaratish, jumladan, arxitektura va shaharsozlik sohasidagi ilmiy loyihalarda birgalikda ishtirok etish imkoniyatini bermoqda.
Hozirgi kunda birgina Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutda Evropa va Osiyoda etakchi 15 ta  turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan doimiy aloqalar o‘rnatilgan. Ahamiyatlisi, o‘z kasbiy  mahoratini oshirish maqsadi va  umumiy qiziqishlar institut professor-o‘qituvchilari va talabalarini dunyoning turli mintaqalaridagi safdoshlari bilan birlashtirib turibdi.  2018 yilda institutning 52 nafar etakchi va yosh o‘qituvchilarini tajriba almashish uchun xorijiy safarlarga yuborish rejalashtirilgan. Ular o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha stajirovka o‘tish bilan bir qatorda chet ellardagi ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish, tengdoshlari bilan muloqotda bo‘lish, nazariy va amaliy ko‘nikmalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashish, xorijiy tillarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. SHu kunlarda institut rektori S.I.Axmedov boshchiligidagi dastlabki delegatsiya Rossiya Federatsiyasining etakchi turdosh universitetlari – Moskva davlat qurilish universiteti, Moskva arxitektura instituti va Sankt-Peterburg davlat arxitektura-qurilish universitetlarida bo‘lib qaytdilar. Tashrif buyurilgan universitetlar o‘z sohasining etakchi, salohiyatli va eng ilg‘or ilmiy-tadqiqot va laboratoriya komplekslari bilan jihozlangan oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi. Mazkur oliygohlarda jami 48 ming talaba tahsil oladi, 500 dan ortiq fan doktorlari, 2000 mingga yaqin fan nomzodlari faoliyat yuritadi. Tashrifdan asosiy maqsad ta’lim  va ilmiy-tadqiqot sohalarida tajriba almashish, arxitektura va shaharsozlik muammolarini hal etishga qaratilgan ilmiy- tadqiqotlarni birgalikda o‘tkazish, treninglar tashkil etish va ta’lim sohasidagi dolzarb loyihalarda hamkorlik qilish bilan bir qatorda, keyingi yillarda uzilib qolgan o‘zaro munosabatlarni qayta tiklash va yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat bo‘ldi.
OTM rektorlari ishtirokida o‘tgan qizg‘in muloqotlar va suhbatlarda har tomonlama rivojlangan, keng bilim va tafakkurga ega yuqori malakali injener kadrlarni tayyorlash, sohani rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolar, ularni mavjud imkoniyatlar  va milliy manfaatlardan kelib chiqib, hal etish yo‘llari haqida fikr va mulohazalar bildirildi. O‘z navbatida, rossiyalik oliy ta’lim vakillari tomonidan O‘zbekiston ta’lim tizimining afzalliklari va imkoniyatlarini yuqori baholandi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolariga  Moskvalik hamkorlarining innovatsion ishlanmalari va ta’lim jarayoni bilan, shuningdek, universitetlar fakultetlari va kafedralari, bo‘limlar va kutubxona faoliyati bilan tanishish imkoniyati yaratib berildi.  Tashrif yakunida SamDAQI va Rossiya universitetlari o‘rtasida  o‘zaro aloqalarni rivojlantirish va sherikchilik munosabatlarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan hamkorlik memorandumlari imzolandi.