Yoshlar orasida giyohvandlik va narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir etilishini oldini olish
2018 yil 16 noyabr kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida “Yoshlar orasida giyohvandlik va narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir etilishini oldini olish” mavzusida ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.Uchrashuvda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti yoshlar bilan ishlash prorektori v.b. O‘.J.Xudayarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi xodimi M.K.Utaniyazov, Samarqand viloyat IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimi Sh.Mahmudov, Samarqand shahar jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimi O.Rajabov, Samarqand viloyat narkologiya dispanseri bo‘lim boshlig‘i R.Eshonqulov, Samarqand shahar Ruhobod masjidi imom xatibi T.B.Amirov, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 3-son IIB XPG TP profilaktika katta inspektori B.Napasov, fakultet dekani muovinlari, 25 nafar professor-o‘qituvchilar hamda 200 nafar talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Uchrashuvni Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti yoshlar bilan ishlash prorektori v.b. O‘.J.Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibidagi mavzu bilan tadbir ishtirokchilarini tanishtirdi. SHuningdek, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarga “giyohvandlik” tushunchasi, uni keltirib chiqaruvchi sabablar va hozirgi kunda bu kabi salbiy illatni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. SHundan so‘ng, so‘z navbatini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi xodimi M.K.Utaniyazovga berdi.Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi xodimi M.K.Utaniyazov o‘z ma’ruzasida hozirgi kunda giyohvandlik global muammolardan biri ekanligini, asr vabosi deb baholanayotgan “oq ajal” qanchadan-qancha insonlarning baxtiga zomin bo‘layotgani, giyohvand moddalarni iste’mol qilishga odatlanish oqibatida nogiron, jismoniy va aqliy nuqsoni bor bolalar dunyoga kelayotganini ta’kidladi.
Bu haqida o‘ylasak, yanada sergak tortamiz. Dunyo, insoniyat bino bo‘libdiki, ichkilikbozlik, giyohvandlik odamlarga hech qachon naf olib kelmagan. Bunga tarixdan minglab misollar keltirish mumkin. Bir lahzalik kayf- safo deb hayotini, oilasini, guldek umrini xazon qilganlar ozmuncha deysizmi? Giyohvandlik girdobiga tushib qolgan kishining taqdiri ayanchli tanazzul bilan yakunlanadi. Og‘uning quliga aylanib qolayotgan zamondoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish barchamiz uchun foydalidir. SHunday ekan, oilalarimiz tinchligi, farzandlarimiz kelajagiga rahna solayotgan, jiddiy xavfga aylangan giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashishimiz shart. Ayni kunlarda asr vabosiga aylangan giyohvandlikka qarshi kurashish jamiyatimizning har bir fuqarosi oldida turgan muhim va dolzarb vazifadir.
Shundan so‘ng Samarqand viloyat IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimi SH.Mahmudov so‘zga chiqib, quyidagilarni ta’kidladi. Insoniyat taraqqiyotning yangi-yangi cho‘qqilarini zabt etmoqda. Biroq jahonda xalqlar, millatlar kelajagiga tahdid tug‘diruvchi bir qancha omillar hamon saqlanib qolmoqda. Ana shunday xatarlardan biri giyohvandlik balosidir. Global muammoga aylangan ushbu illatga qarshi kurashishda davlatlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng achinarlisi, giyohvandlik og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning sodir etilishiga, oilalar va millat genofondining buzilishiga ham sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, jahonda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi giyohvandlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois, giyohvandlikka qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan “Narkotik moddalar to‘g‘risida”, “Psixotrop moddalar to‘g‘risida” hamda “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi konvensiyalar qabul qilindi.Uchrashuvda so‘zga chiqqan Samarqand viloyat narkologiya dispanseri bo‘lim boshlig‘i R.Eshonqulov o‘z so‘zida quyidagilarga to‘xtalib o‘tdi. Butun dunyo jamoatchiligi va meditsina xodimlari aholi o‘rtasida giyohvandlikning tobora ko‘payib ketayotganidan tashvishga tushmoqda. Ming afsuslar bo‘lsinkim, bugungi kunda giyohvandlik dardiga chalinganlarning soni tobora oshib bormoqda. Bizning O‘zbekistonda ham butun jahon og‘ir davri bo‘lib hisoblangan giyohvandlikka qarshi olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida davlat miqyosida mutasaddi rahbarlar va nodavlat tashkilotlarning vakillari uzliksiz ravishda radio, televidenie va axborot vositalari orqali chiqishlar qildilar va butun xalqqa murojaat qilib, shunga qarshi qo‘lni-qo‘lga berib kurashishga chorladilar.
Giyohvandlar turli zararli kuchga ega bo‘lgan giyohvand moddalarni qon tomirlariga yuborishlari natijasida “kayfiyatlari o‘zgarib” turli maqsadlarda jinoiy ishlarni sodir qiladilar, xalqimizga va davlatimizga iqtisodiy talofatlar keltiradilar. SHular bilan bir qatorda giyohvandlar o‘z organizmlarini doimiy zaharlashlari tufayli, ayrim xollarda esa me’yoridan ko‘proq giyohvand moddalarni organizmiga yuborib qo‘yishlari sababli o‘lim holatlari ko‘plab qayd etilmoqda. Bulardan tashqari, giyohvandlar nosteril holda tayyorlangan narkotik moddalarni sterillanmagan shprits, ignalardan guruh-guruh bo‘lib foydalanishlari tufayli ularda SPID, gepatit V va S kasalliklari qo‘zg‘atuvchilarining bir-birlariga yuqtirib olish holatlari ko‘plab sodir bo‘lmoqda. Hozirgi kunda bunday jiddiy vaziyatlar dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida qayd qilinmoqda, - deb so‘zni Samarqand shahar Ruhobod masjidi imom xatibi T.B.Amirovga berdi.
T.B.Amirov o‘z so‘zida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi. Allohning oxirgi dini Islomning har zamon va har makonga salohiyatli ekanini hozirgi davrimiz muammolarini hal qilish uchun bo‘layotgan harakatlar jarayonida yaqqol tushunib olsa bo‘ladi. Xususan, siz bilan bizga ushbu satrlarda mavzu bo‘lib turgan giyohvandlik masalasida bu masalani yaqqol tushunib olsa bo‘ladi. Bu haqiqatni bir necha yuz yillar avval kelgan oyati karima va hadisi shariflarni o‘rganishimiz jarayonida yana ham chuqurroq anglab olamiz. Keling, mazkur jarayonni giyohvandlikka qarshi kurash barchaning burchi ekanligiga dalil bo‘ladigan hadisi sharifni o‘rganishdan boshlaylik. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy rivoyat qilgan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning mashhur hadisi shariflarida: “Sizdan kim yomon-munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar bunga qodir bo‘lmasa tili bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa dili bilan, ana o‘sha iymonning zaifligidandir”, deganlar. Munkar ish degani, yomon ish deganidir. Bugungi kunimizda giyohvandlik yomon ishlarning ham eng yomonidir. Ushbu hadisi sharif hukmiga binoan giyohvandlikka qarshi kurash hammaning burchidir. Birinchi navbatda imkoni borlar uchun mazkur kurash amaliy ravishda bo‘lishi kerak.
Bunga asosan, hukumat doiralari kiradi. Ularda bu munkar ishni qo‘l bilan, ya’ni, amaliy ravishda o‘zgartirishga ham haq-huquq, ham imkoniyatlar bor. Zotan bu ishni qilish ularning burchlari ham. Ayniqsa, giyohvandlikka qarshi kurashga mas’ul bo‘lgan idoralar va sharxslar bu haqiqatni yaxshi anglab etmoqlari zarur. Shuningdek, giyohvandlikdek yomon munkarga qo‘li bilan qarshi turadiganlarga ushbu yomonlikni yo‘q qilish, oldini olishga oid barcha ishlarda ishlaydigan shaxslar kiradilar. Ularning ichida giyohvand moddalarning chegaradan olib o‘tilmasligi uchun hushyor turgan chegarachi ham, hiyla yo‘li bilan giyohvand moddalarni olib o‘tishga uringanlarning fosh qilishda tashabbus ko‘rsatgan bojxona xodimi ham, giyohvandlarni davolash bilan mashg‘ul shifokor ham va boshqa shunga o‘xshash vazifalarni ado etayotgan shaxslarning barchasi ham kiradilar. Giyohvandlik munkarini qaytarishning ikkinchi darajasi, til bilan bo‘ladi. Qisqa qilib aytilganda ushbu baloga qarshi targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishdir. Bu ish bilan shug‘ullanadiganlar qatoriga axborot vositalari mas’ullari va xodimlari, yozuvchilar, ziyolilar, gazetachilar va ularga o‘xshash ishlardan ishlaydigan kishilar kiradilar. Albatta, musulmon ulamolar bu ro‘yxatning boshida turadilar. Ularning bu ish buyicha mas’uliyatlari hammanikidan kuchli. Giyohvandlikka qarshi kurashda mazkur sohalarning sohiblari bilan bir qatorda har bir inson ham birga bo‘lishi zarur. Bir og‘iz so‘z bilan bo‘lsa ham giyohvandlikka qarshi kurashdek savobli ishga har bir inson o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim. Agar shunga ham qodir bo‘lmasa ushbu hadisi sharifda aytilganidek, giyohvandlikka dili bilan qarshi bo‘lmog‘i lozim.Tadbir bahs-munozaralarga boy bo‘ldi hamda talaba-yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassisislardan to‘liq javob olishdi. Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirilib, buyuk kelajakni qurish yo‘lida oliy maqsadlar sari og‘ishmay mehnat qilishlari haqida gapirdilar.Tadbir yakunida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori v.b. O‘.Xudayarov tadbir tashkilotchilariga mazmunli suhbat tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.