SAMDAQIDA UMUMXALQ XAYRIYA HASHAR MUNOSABATI BILAN OBODONLASHTIRISH ISHLARI TASHKILLASHTIRILDI
Ayni damda yurtimizning barcha hududlarida Mustaqilligimizning 28 yilligiga bag‘ishlangan umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
15-30 avgust kunlari yurtimizda obodonlashtirish va tozalik oyligi deb e’lon qilinib, Hukumatimiz tomonidan 17-18 avgust kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkazlishi belgilangan edi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti jamoasi ham belbog‘ni belga mahkam bo‘g‘lab, jamoaviy obodonlashtirish ishlarini erta tongdan boshlab yubordi.
O‘zbek xalqining azaliy urf-odatlari tusiga kirgan ushbu tadbirda yon-atrofni ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhitni tozalash ishlari keng ko‘lamda olib borilib, institut rahbarlari boshchiligida professor-o‘qituvchilari, fakultet va dekanat ishchi xodimlari, bo‘lim va markazlar jonbozlik ko‘rsatib kelishmoqda.
Hasharda 150 nafardan ziyod ishchi xodimlar institut hududida joylashgan binolarning tashqi hamda ichki qismlari, institut hovlisi, talabalar turar joylari va fakultet binolarining yon-atroflarida ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarini olib borishmoqda.
Jumladan, institut hovlilari supurilib ariq va hududlardagi chiqindi va begona o‘simliklardan tozalandi. Hududda joylashgan daraxt va yo‘laklar oqlandi. Arxitektura fakulteti professor-o‘qituvchilari ko‘magi bilan barcha o‘quv xonalari va fakultet hovlisi tartibga keltirilmoqda, shuningdek o‘quv xonalarining oynalari almashtirilib yangi 2019-2020 o‘quv yiliga hozirlanmoqda.
Bo‘limlar va markazlar tomonidan ishchi xodimlarga hashardan so‘ng ajoyib tushliklar tashkillashtirildi.
Eslatib o‘tamiz umumxalq xayriya hashari yurtimiz bo‘ylab 17-18 avgust kunlari o‘tkazilmoqda.