“Shaxslarning kun tartibi va vaqtini to’g’ri tashkillashtirishning samarali usullari” mavzusida seminar-trening
2018 yil 15 may kuni arxitektura fakulteti Dizayn yo’nalishi 3 kurs talabalari ishtirokida institut psixologi tomonidan “Shaxslarning kun tartibi va vaqtini to’g’ri tashkillashtirishning samarali usullari” mavzusida seminar-trening o’tkazildi.
Seminar treningda institut psixologi S.Otayorov so’zga chiqib, vaqt - noyob va bebaho boylik ekanligini, undan to'g'ri foydalanish kerakligini ta’kidladi.
Insonlarning shaxsiy va kasbiy samaradorligi kunini qanday rejalashtirganiga bog’liq. Shu bois e`tiboringizga vaqtni to'g'ri boshqarishning Benjamin Franklin usulini taqdim etamiz. Franklinning fikricha, vaqt insonlar hayotida haqiqatda juda katta ahamiyatga ega bo’lgan.
Franklin 20 yoshida o’zi uchun vaqtni tashkillashtiruvchi tizimni ishlab chiqib, butun hayoti davomida unga amal qilgan. Zamondoshlari bu tizimni “Franklin piramidasi” (ba`zan “samaradorlik piramidasi”) deb atashgan.
Piramida asosida hayotiy qadriyatlar yotadi. Bu har qanday masalaning yechimini topishda ma`naviy yo'nalishda harakat qilish, demakdir. Franklin ularni fazilatlar deb atadi.U o’zi uchun 13 fazilatni belgilab oldi: sabrli bo'lish, sukut saqlash, tartibni sevish, qat`iylik, tejamkorlik, mehnatkashlik, samimiylik, haqqoniylik, me`yor, ozodalik, xotirjamlik, vijdonli bo'lish va kamtarlik.Piramidaning har bir bosqichi ketma-ketlikda joylashtirilgan – har bir keyingi bosqich avvalgisiga tayangan.
Franklin usulida kuningizni tashkillashtirish uchun asosiy hayotiy tamoyillaringizni aniqlab olishingiz, o'z oldingizga global maqsad qo'yishingiz hamda unga erishish rejasini tuzib chiqishingiz kerak bo'ladi, deb yig’ilganlarga qiziqarli ma’lumotlarni yetkazdi.Seminar-trening so’nggida talabalar bilan har kuni o’z vaqtini qanday ishlarga sarflash to’g’risida savol-javob o’tkazdi.Tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.