“Yo‘l harakati xavfsizligi – umr foydasi”
2018 yil 17 may kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida “Payshanba – huquqbuzarlikka qarshi profilaktikasi kuni” munosabati bilan “Yo‘l harakati xavfsizligi – umr foydasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida Samarqand viloyat IIB YHHB YHTENQB boshlig‘i mayor N.Umarov, institut ma’naviyat va ma’rifat va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i T.Egamov, professor-o‘qituvchi hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Davra suhbatini ma’naviyat va ma’rifat va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i T.Egamov ochib berdi hamda tadbirning mazmun-mohiyati va asosiy maqsadi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. So‘ngra so‘z navbati Samarqand viloyat IIB YHHB YHTENQB boshlig‘i mayor N.Umarovga berildi. Mayor N.Umarov o‘z so‘zida, yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik natijasida o‘tgan haftada viloyatimiz yo‘llarida jami 11 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi, ushbu hodisalarda 4 nafar fuqaro halok bo‘lganligi, 10 nafari esa turli darajada tan jarohatlari olganligi achinarli holat ekanligini ta’kidladi. So‘ng ushbu sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining vujudga kelish sabablariga alohida to‘xtalib o‘tdi. So‘zining oxirida esa yig‘ilganlarga murojaat etib, har bir fuqaro yo‘l harakati qoidalarini to‘liq o‘zlashtirishi hamda ularga qat’iy rioya qilishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Davra suhbati yakunida talaba-yoshlar mavzuga oid o‘zlarining qiziqtirgan savollarini berishdi va mutaxassisdan atroflicha javob olishdi. Zero, har birimiz yo‘l harakati qoidalariga rioya etishimiz bilan kimnidir hayotini, qolaversa, o‘z sog‘ligimizga ziyon yetishini oldini olgan bo‘lamiz.