Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti jamoasi Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yishdi
Ayni vaqtda mamlakatimizda yurt tinchligi va barqarorligiga, chegaralarimiz daxlsizligiga har qanday tajovuzlarga munosib zarba bera oladigan, strategik va taktik vazifalarni yuqori darajada hal qilishga qodir bo‘lgan, yaxshi qurollangan, professional jihatdan to‘liq shakllangan, tezkor Qurolli Kuchlar tizimi yaratilgan. Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlarning eng muhim amaliy natijasi, armiyadagi axloqiy-ruhiy, ma’naviy muhit butunlay yangilanib, harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi munosabatlar va eng muhimi, jamiyatimizda armiyaga va harbiy xizmatga nisbatan yondashuv va qarashlar tubdan o‘zgardi.
G‘urur bilan ta’kidlash lozimki, bugungi kunda harbiylik O‘zbekiston fuqarosi uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki mamlakatimizdagi eng nufuzli va sharafli kasblardan biriga aylandi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Vatanimiz mustaqilligi, suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayotining hamisha ishonchli kafolati bo‘lib kelgan va bugungi kunda ham shunday bo‘lib qoladi.
Har yili o‘tkazilib kelinayotgan an’anaga muvofiq “14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan Samarqand shahrida ham katta tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari, barcha davlat va jamoat tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari ishtirok etib, Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yishdi. Ushbu tadbirda Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talabalari ham ishtirok etishdi hamda Sohibqiron poyiga gullar qo‘yib hurmat bajo keltirishdi.