16 SENTYABR – XALQARO OZON QATLAMINI MUHOFAZA QILISH KUNI.

1994 yil BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan 16 sentyabr kuni ozon qatlamini xalqaro muhofaza qilish kuni deb e’lon qildi. Ushbu kun ozon qatlamiga zarar keltiruvchi moddalar bo’yicha Monreal bayonnomasini imzolash kuniga bag’ishlab belgilangan va 1995 yildan buyon bayram sifatida nishonlanadi. 1987 yil 16 sentyabrda 36 ta mamlakat vakillari tomonidan ozon qatlamini buzuvchi moddalarni ishlab chiqarishni cheklash yoki butunlay to’xtatib quyish to’g’risida hujjat imzolandi .
Ozon qatlami – sayyoramizni o’rab turadigan, stratosferaning 20-25 kilometrida ultrabinafsha nurlar ta’siri tufayli hosil bo’ladigan, katta qismini ozon moddasi tashkil etuvchi havo qatlami. Bu qatlam barcha tirik organizmlarni nurlanishdan saqlab turadi. Ozonning eng muhim xususiyati  doimo hosil bo’lib va parchalanib turishidir. U quyosh nurlari ta’sirida kislorod, azot oksidi va boshqa gazlar ishtirokida hosil bo’ladi. Kuchli ultrabinafsha nurlarni o’ziga yutib, tirik organizmlarni uning salbiy ta’siridan himoya qiladi. Keyingi ikki asrda insoniyat tamaddunining jadal rivojlanishi, sanoatning gullab-yashnashi natijasida tabiatga yetkazilgan jiddiy talafotlar ozon qatlamida ham o’z aksini topmay qolmadi. Avtomobillar, zavod-fabrikalardan chiqayotgan zararli tutunlar, turli maishiy texnika vositalarida faol ishlatilayotgan frion singari ayrim moddalar ozon qatlamining yemirilishiga sabab bo’la boshladi. Ozon qatlami ulkan yopinchiq kabi yer ustidan koinot uzra cho’zilgan. Bu qatlam qachonlardir tugasa, butun biosfera hamda barcha tirik mavjudotlar uchun xavf tug’diradi. Ultrabinafsha nurlar insonga to’g’ri kelib tushishi natijasida, teri saratoni, ko’rlik va boshqa kasalliklar kelib chiqadi.  Ozon qatlami bu yerni quyosh nuri  halokatini ta’siridan asrab sayyorada hayotni saqlab qolishga yordam beradi. Agar ushbu qatlam yupqalashsa yerdagi barcha tirik jonzotlarga biosferaga xavf tug’iladi. 80- yillarda olimlarning aniqlashlariga ko’ra Antarktidada ozonning umumiy qismi ikki marta kamaygandi.
Shuningdek ozon qatlamining yemirilishi zararli nurlarning ayovsiz yerga yog’ilishi va shu bilan birga iqlim o’zgarishlariga ham sabab bo’lishi mumkun. Bu nurlar yerga yetishi bilan Shimoliy va Janubiy qutblardagi muzlarning erishi va natijada issiq va quruq mintaqalarni suv bosishi mumkun. Shuningdek o’simliklarning siyraklashishi va hayvonlardagi genetik o’zgarishlar ham ozon qatlami teshilishi natijasida amalga oshadi. Xalqaro ozon qatlamini himoyalash kunining shiori, “Osmonni asra, o’zingni himoya qil – ozon qatlamini himoya qil”.
Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi 1993 yil 18 may kuni ozon qatlamini himoya qilish to’g’risidagi Vena konvensiyasi va ozon qatlamini yemiruvchi moddalarga doir Monreal protokolini imzoladi. Mazkur hujjatlarga qo’shilishdan kelib chiqadigan majburiyatlarni o’z zimmasiga olish asnosida, hukumatimiz tomonidan ozon qatlamini yemiruvchi moddalardan foydalanishni qisqartirish borasida Davlat dasturi tasdiqlandi. Mazkur Dasturda O’zbekiston tomonidan xalqaro majburiyatlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilab qo’yildi.
Joriy yilning 12-15 sentyabr kunlari  SamDAQI da  16 sentyabr – xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuniga bag’ishlangan  “Ozon qatlamini asraylik” mavzusida Suv ta’minoti, kanalizasiya va suv resurslarini muhofaza qilish kafedrasi ekolog o’qituvchilari tomonidan o’quv seminar va tadbirlar o’tkazib kelinmoqda.
O’quv seminar va tadbirlarda mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi xalqaro hamkorlik yuksak samara berayotgani ta’kidlandi.  Ozon qatlamining yemiirilish sabablari va uni tiklash choralari to’g’risida kafedra katta o’qituvchilari Sh.Eshqobilov, A.Rajabov, P.Nurmatov va assistent A.Karimovlar so’zga chiqib, ozon qatlamining strukturasi, vazifasi, uni yemiruvchi omillar hamda hozirgi kunda tiklanishi mumkin bo’lgan choralar to’g’risida talabalarga batafsil ma’lumot berdi.