MARDLAR QO‘RIQLAYDI VATANNI

Ona yurtimiz har doim o‘zining mard, jasur yigitlari bilan faxrlanib kelgan. O‘zbek yigitlari ota-onasi va oilasini, o‘zi yashayotgan yurt tuprog‘ini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni burch deb hisoblagan. Vatanni himoya qilish asosan yigitlar zimmasida bo‘lganligi bois, oilalarda o‘g‘il bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor berilgan: ularni mustahkam irodali, qat’iyatli, yurt ishi uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalashga harakat qilishgan.
Shu tufayli yurtimizdan juda ko‘plab jasur va mard o‘g‘lonlar etishib chiqib mardlik va jasurlik timsoliga aylanganlar. Ana shunday insonlarni sharaflash, ularni vatan va el manfaatlari yo‘lida olib borayotgan fidokorona mehnatlarini qadrlash an’anaga aylangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va vatan himoyachilari kuni munosabati bilan  Samarqand davlat arxitektura qurilish institutida  2019 yil 14 yanvar kuni  “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni”   nomli tantanali bayram kechasi tashkil etildi. Tadbirda Samarqand davlat Universiteti harbiy kafedrasining professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, institutimiz harbiy kafedra talabalariga faxriy yorliqlar topshirdi. Tadbirning badiiy qismida Vatanni madh etuvchi kuy navolar ijro etildi. Ayniqsa Institut yoshlar ittifoqi faol a'zolari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.