INSON QADRI ULUG‘, XOTIRA MUQADDAS

Institut faollar zalida 9-may “Xotira va qadrlash” kuniga bag‘ishlangan “Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi.
Kirish so‘zida institut ma’naviy ishlar bo‘yicha prorektor v.b. O‘.J.Xudayarov taklif qilinganlarga institut rektori S.I.Axmedovning tabrik nutqini o‘qib eshittirdi va ishtirokchilarni bayram bilan samimiy qutladi.
Tadbirni “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi tashabbusi bilan kafedra katta o‘qituvchisi A.E.Ziyotova, o‘qituvchi N.Haqqulovlar tomonidan tayyorlangan xotira slaydlari asosida “Unutmoq osonmas sizlarni” mavzusidagi taqdimot namoyish etildi.
Namoyish qilingan taqdimotda  institutda faoliyat ko‘rsatgan va bu yorug‘ dunyoni tark etgan ustozlar xotirasi, urush qatnashchilari va mehnat faxriylarining e’zozlanishi, institut  hayotiga oid lavhalar namoyishi, esdaliklar, taassurotlar, shuningdek, she’riy va musiqiy  lahzalardan iborat bag‘ishlovlar tilga olindi. Taqdimot lavhasi barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Ayniqsa,  “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, xususan, A.Ziyotova to‘plagan ma’lumotlar asosida “Inson aziz, xotira muqaddas” deb nomlangan xotira kitobi tadbir ishtirokchilarini to‘lqinlantirib yubordi.  Risolada aks etgan ustozlar haqidagi rasmlari bilan berilgan ma’lumotlar yig‘ilganlarning “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi jamoasiga minnatdorlik bildirib, savobli ishga qo‘l urganligini ta’kidlashlari uchun asos bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqan M.Xonkeldiyev, K.G‘aniyev, A.Gadayev, U.Sanaqulovlar nomlari xotirlanayotgan marhum ustozlar, faxriy nuroniylar va ularning institut hayotidagi faoliyatlari haqida taassurotlar va ehtirom namunalarini bildirdilar. Shundan so‘ng, tadbir mehmoni II jahon urushi qatnashchisi, 94 yoshli Sayfullayev Bektemir bobo so‘zga chiqib, quyidagi ma’lumotlarni berdi: “Men, - dedi otaxon, 1924 yil 9 mayda tug‘ilganman. 23 ta orden va  medallar sohibiman. Davlatimiz bizdek urush qatnashchilarini e’zozlab, qadrlab 5 million so’m pul mukofoti,  oltin soat va yana bir qancha sovg‘a-salomlar bilan taqdirladi. Undan tashqari ichki ishlarda ishlaganim sababli shaxsan IIB generali tomonidan yana 2 million so’m pul mukofoti va sanatoriyada dam olish uchun bepul putyovka berishdi. Viloyat hokimligi tomonidan, mahalla, maktab, oliy o‘quv yurtlari, tashkilot va muassasalar tomonidan qilinayotgan e’tibor, ehtiromlar zamirida shaxsan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlarini ko‘ramiz. Prezidentimiz bizni qanchalik qadrlayotgan bo‘lsa, u kishini butun xalq qadrlaydi, butun xalq minnatdor”, -deya o’z so’zini yakunladi.
Tadbir ishtirokchilari otaxonni tug‘ilgan kunlari va buyuk g‘alabaning 73 yilligi munosabati bilan tabriklab, e’zozu ehtirom ko‘rsatdilar.
Tadbirning so‘nggi qismida konsert dasturi namoyish qilinib, tadbir ishtirokchilariga zavqu-shavq ulashildi. Keksayib qolgan bo‘lishiga qaramay tadbirga taklif etilgan nafaqadagi faxriy ustozlar tadbir dasturidan bir olam ma’nan va ruhan taassurotlar olishib, institut ma’muriyati tomonidan tashkil qilingan dasturxon atrofida diydorlashishdi.