“Qayta tiklanuvchi energiya manbalari: huquqiy asosining o‘rni” mavzusida davra suhbati
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 2018 yil 11 may kuni “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari: huquqiy asosining o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbati O‘zbekiston Adolat sotsial demokratik partiyasi Samarqand viloyati Kengashi va institut ma’naviyat va ma’rifat, iqtidorli talаbalar bilan ishlash bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Davra suhbatini O‘zbekiston Adolat sotsial demokratik partiyasi Samarqand viloyati Kengashi rais o‘rinbosari A.Bo‘riboyev ochib berib, mamlakatimizda istiqlol yillarida boy qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini, buning uchun zarur tashkiliy-huquqiy poydevor sifatida “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi, “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida” qarori boshqa bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ularning ijrosi izchil ta’minlanayotgani buning yana bir bor tasdig‘i ekanligini ta’kidladi.
Davra suhbati davomida viloyat elektr tarmoqlari bo‘lim boshlig‘i V.Qilichov, SamDAQI dotsenti X.Xusanovlar so‘zga chiqib, “O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollari”, “Energiya tejovchi uy-joylarni loyihalash”, “Chiqindilardan biogaz olish yo‘llari” kabi mavzularda tadbir ishtirokchilariga ma’ruza qilishdi.
Davra suhbati davomida talaba-yoshlar ma’ruzachilarga o‘zlarining qiziqtirgan savollarini berishdi va mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.