MUROJAATNOMA KELGUSI FAOLIYATIMIZ ASOSI

 

Bugungi kunda keng jamoatchilik orasida muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlis palatasiga navbatdagi Murojaatnomasi atroflicha muhokama qilinmoqda, o‘rganilmoqda.
Milliy yuksalish yo‘lida alohida va jiddiy e’tiborda bo‘lgan  yo‘nalish sifatida xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratish sohasida aniq vazifalar va chora-tadbirlarni belgilab berar ekan, Prezidentimiz bu borada atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga e’tiborni kuchaytirish maqsadida amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalarni ta’kidlab o‘tdilar. Shubhasiz, bu borada barcha sa’y harakatlarimiz bugungi kunda global tus olgan ekologik xavfsizlikni ta’minlash sari yo‘naltirilgandir.
E’tiborli jihati shundaki, Prezidentimizning atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga e’tiborni kuchaytirishimiz kerakligi borasida aniq strategik maqsadlarni belgilab berishi, men olib borayotgan ilmiy tadqiqot ishimning mazmun-mohiyatini belgilab beradi. Ayniqsa, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha boshlagan misli ko‘rilmagan ishlarimizni davom ettirib, dengizning qurigan tubida o‘rmonzorlarni kengaytirish, Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida “yashil belbog‘lar" barpo etish bo‘yicha dolzarb g‘oyalarni ilgari surdilar.
Shuningdek, hukumat oldiga sanoat rivojining ekologiyaga ta’sirining oldini olish bo‘yicha 2025 yilgacha mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish g‘oyasi – avvalo, tabiiy borliqni saqlab qolish, shuning barobarida aholi salomatligini ta’minlashning hal qiluvchi omili bo‘lgan ekosferani boyitish sari yo‘naltirilgani quvonarlidir.
Ishonchim komilki, ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bunyodkorlik g‘oyalari mening ushbu yo‘nalishda davom ettiradigan ilmiy tadqiqot ishlarimning “tub o‘zagi”ni tashkil etadi.
Murojaatnomada qayd etilgan fikr va mulohazalarni atroflicha tahlil qilgan holda ijtimoiy fanlar sohasi vakili sifatida shuni taklif qilmoqchimanki, OAVlarda, Xalqaro Press klubi faoliyatida fuqarolarimiz e’tiboriga mahalliy hokimliklarning har bir hudud va korxonalar bo‘yicha ekologiyani yaxshilash, chiqindilarga doir ishlar yuzasidan dasturlar ishlab chiqishi va ularning ijrosini ta’minlashi borasidagi xolis ma’lumotlar bilan muntazam tanishtirib, aholining ekologik siyosiy faolligini, mas’uliyatini yanada oshirish borasida doimiy ravishda tadbirlar, ko‘rsatuvlar tashkillashtirish maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ushbu  yo‘nalishda amalga oshirilayotgan barcha amaliy faoliyatimiz, targ‘ibot-tashviqot ishlarimiz yagona bir nuqtada tutashmog‘i lozimki, Prezidentimiz jonkuyarlik bilan ta’kidlayotgan aholi  salomatligini ta’minlashning hal qiluvchi omili hisoblangan sog‘lom ekologik muhitni barpo etishda avvalo, har birimizning, qolaversa, xalqimiz va butun jamiyatning ekologik onglilik darajasi, ekologik madaniyatini yuksaltirish doimiy diqqat markazimizda bo‘lmog‘i zarur.
Shunday ekan, ma’naviy-ma’rifiy, g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarimiz samarasi yoshlarimizning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish bilan belgilanadi.
Asliddin QULDOSHEV
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri