O‘ZBEKISTONDA YANGI PARTIYA TASHKIL ETILADI
12 dekabr 2018 yil Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi 77-uy Samarqand veterinariya meditsinasi instituti majlislar zalida O‘zbekiston ekologik partiyasi ta’sis s’ezdiga Samarqand viloyatidan delegatlar saylash bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti ekologiya fani o‘qituvchilari va talabalari, Ekologiya, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy va o‘rta ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, OAV vakillari, jami – 195 kishi qatnashdi.
Kun tartibida O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha tashabbuskorlar yig‘ilishi qarori va O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tomonidan olib borilayotgan ishlar, O‘zbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihasi va O‘zbekiston ekologik partiyasi ta’sis s’ezdiga Samarqand viloyatidan delegatlar saylash to‘g‘risida masalalar qo‘yildi.Konferensiyada O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha ko‘rsatilgan tashabbus, Tashabbuskor yig‘ilishida bu borada qabul qilingan qaror hamda, O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida konferensiya ishtirokchilariga to‘liq ma’lumot berib o‘tildi.Konferensiyada ta’kidlandiki, inson manfaatlari va uning qulay atrof muhitga ega bo‘lish huquqini himoya qilish maqsadida davlat va jamiyat qurilishi sohasida, sud-huquq tizimida, iqtisodiyotni liberallashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va kadrlar tayyorlash, madaniyat, tashqi siyosat, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish tizimi va boshqa sohalarda islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etildiki, o‘tmishda atrof muhit holatiga e’tiborsiz munosabatda bo‘lish, tabiiy resurslardan me’yordan ortiq foydalanish va ekologik talablarni mensimaslik Orol dengizi qurishi, cho‘llanish, er va suv resurslarining tanazzuli, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, biologik xilma-xillikning qisqarishi, ko‘p miqdordagi sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarning hosil bo‘lishi kabi qator global va mintaqaviy ekologik muammolarni paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu muammolar iqlim o‘zgarishi sharoitlarida yanada yaqqolroq va kuchliroq namoyon bo‘lmoqda, shuningdek, hozirgi kunda O‘zbekiston uchun ham atrof muhitni muhofaza qilish va uni sog‘lomlashtirish masalalarini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizda ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida muayyan tajriba orttirildi. Biroq, sohadagi vazifalarning ko‘lami mamlakat miqyosida va alohida mintaqalarda ekologik holatni sog‘lomlashtirish muammolarini yaxlit holda hal etishda davlat organlari, jamoat birlashmalari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning sa’y-harakatlarini birlashtirishni talab etdi.
Yurtboshimizning “Hech shubhasiz, Orol dengizining qurishi muammosi bizning mintaqaviy faoliyatimiz kun tartibida alohida o‘rin tutadi–bu bizning umumiy fojiamizdir. Uning salbiy oqibatlari, afsuski, tobora chuqurlashmoqda. Oqibatda biz suv resurslari taqchilligi, ichimlik suvi sifatining yomonlashuvi, tuproqning degradatsiyaga uchrashi,bioxilma-xillikning keskin kamayishi, jiddiy iqlim o‘zgarishlarini yaqqol sezib turibmiz. Biz umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda, ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish va Orol bo‘yidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bog‘liq muammolariga echim topish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz lozim” degan fikrlari konferensiya ishtirokchilari tomonidan qayd etildi. Konferensiya ishtirokchilari mamlakatda davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lidagi keyingi qadam sifatida to‘plangan tajribalar asosida yangi siyosiy partiyani tashkil etish zarurati vujudga kelganligi ta’kidlandi.Tadbir ishtirokchilari tomonidan Respublikamiz fuqarolarining bir guruhi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining bugungi va kelajak avlodlarini qulay sharoitda yashash huquqini himoya qilish, barqaror rivojlanish maqsadlarida iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof muhitni muhofaza qilish va fuqarolar salomatligiga yo‘naltirilgan tizimli o‘zgarishlarga jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga da’vat qilishni o‘z oldiga maqsad qiluvchi O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha Tashabuskorlar majlisida O‘zbekiston ekologik partiyasi tuzish bo‘yicha qaror mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi keyingi masala O‘zbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihasi, partiya o‘z oldiga qo‘yayotgan maqsad va vazifalar to‘g‘risida O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita a’zosi Erkin Omonov batafsil ma’lumot berdi.O‘zbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihasi, partiya o‘z oldiga qo‘yayotgan maqsad va vazifalar yuzasidan konferensiya ishtirokchilari Samarqand davlat universiteti ekologiya kafedrasi mudiri Xusniddin Boymurodov va Ekoharakat Samarqand viloyat hududiy bo‘linmasi korrdinatori Xurshid Hamidov, Samarqand veterenariya meditsinasi instituti Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ibrohim G‘anievlar taklif hamda mulohazalarini bildirdilar.Konferensiya ishtirokchilari tomonidan beriladigan takliflarni O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mitasiga yuborish bo‘yicha tavsiyalar berildi.Konferensiya ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihasi, partiya o‘z oldiga qo‘yayotgan maqsad va vazifalari qo‘llab-quvatlandi.Shundan so‘ng, konferensiyada O‘zbekiston ekologik partiyasi ta’sis s’ezdiga Samarqand viloyatidan delegatlar saylash masalasi muhokamasiga o‘tildi.Qayd etildiki, O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tomonidan har bir hududdan O‘zbekiston ekologik partiyasi ta’sis s’ezdiga ishtirok etish uchun delegatlar me’yori belgilangan bo‘lib, Samarqand viloyatidan 19 nafar delegat saylandi. Ushbu delegatlar orasida institutimiz suv ta’minoti, kanalizatsiya va suv resurslarini muhofaza qilish kafedrasi katta o‘qituvchisi Shuhrat Abdug‘afarovich Eshqobilov ham bor.Konferensiya ishtirokchilari tomonidan Samarqand viloyatidan delegatlikka nomzodlar ko‘rsatilib, nomzodlar muhokama etildi.Muhokamada konferensiya ishtirokchilari Ekologiya kafedrasi dotsenti Nurali Xolmonov, ekologiya kafedrasi doktaranti To‘lqin Yoqubjonov so‘zga chiqib, nomzodlarni qo‘llab quvvatlab, ularni O‘zbekiston ekologik partiyasi ta’sis s’ezdiga faol ishtirok etishlari yuzasidan tavsiyalar berdilar.Kun tartibidagi masalalarni muhokama etgan holda, O‘zbekiston ekologik partiyasi ta’sis s’ezdiga Samarqand viloyatidan delegatlar saylash bo‘yicha konferensiya qarorlar qabul qilindi.