SAMDAQIDA KUNCHIQAR MAMLAKAT DELEGATSIYASI

Joriy yilning 10 noyabr kuni Yaponiyaning Kogakuin universiteti vitse-Prezidenti Takashi Vatanabe hamda Universitet xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Yoko Nakamura Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga institut rahbariyati bilan uchrashish va faoliyati bilan tanishish maqsadida  tashrif  buyurishdi. Delegatsiya a’zolari dastlab institut rektori S.I.Axmedov bilan uchrashishdi.
Uchrashuvdan asosiy maqsad Yaponiyaning Kogakuin universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti professor–o‘qituvchilari o‘rtasida arxitektura, shaharsozlik va qurilish sohalarida o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar hamda konferensiyalar va shu bilan birga seminar-treninglar, o‘quv kurslari, master-klasslar va ilmiy tadqiqodlar o‘tkazish, malaka oshirish shuningdek stajirovka va talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish borasida kelishuvlarga erishishdir.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari SamDAQI muzeyiga tashrif buyurib, institut tarixi, faoliyati, professor-o‘qituvchilar va talabalarning ijodiy ishlari bilan yaqindan qiziqdilar. Shuningdek, delegatsiya a’zolari ayrim professor-o‘qituvchilarining darslari bilan ham qiziqib, o‘zlari ham master klasslar o‘tkazishdi. O‘zaro muloqotlar chog‘ida o‘zbek va yapon xalqi mentaliteti juda o‘xshashligi bir-necha bor ta’kidlandi.Delegatsiyaning O‘zbekiston arxitekturasi haqida qiziqishlari juda yuqori bo‘lib, bunday o‘zaro tajriba almashishlar ilm-fan rivoji uchun xizmat qiladi.