“TA’LIM MUASSASALARIDA KORRUPSIYANING OLDINI OLISH VA UNGA QARSHI KURASHISHNING MA’NAVIY-MA’RIFIY ASOSLARI”

 

Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi. Shu bois butun dunyoda unga qarshi kurashiladi. Mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilgan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni muhim ahamiyat kasb etadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqildi. O‘tgan qisqa fursat ichida mazkur komissiya tomonidan qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalarida, mahallalarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurash aks etgan videoroliklar havola etilmoqda, tarqatma materiallar aholining keng qatlamiga yetkazib berilmoqda. YXHT, BMT kabi xalqaro nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirilayotganligi keng va atroflicha tushuntirilib kelinmoqda.
Mana shunday tadbirlardan biri 2020 yilning 6 fevralida Samarqand davlat arxitektura-qurilish insitutida ham bo‘lib o‘tdi. Samarqand viloyati Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda institut xodimlari va professor-o‘qituvchilari ishtirokida “Ta’lim muassasalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ma’naviy-ma’rifiy asoslari” mavzusida ma’rifiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institut rektori Sultan Ilyasovich Axmedov ochib berib, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, korrupsiyaga qarshi ma’rifat va ilm orqali kurashish joiz ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, 2019 yil 27 maydagi PF-5729-sonli “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida keltirilgan masalalar yuzasidan o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga DXX xodimi J.Shukurov tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha “Egri poydevor” nomli videorolik namoyish etildi.