2+2 VA 2+3 QO‘SHMA TA’LIM ASOSIDA SINOV IMTIHONLARI START OLDI

 

Yodingizda bo‘lsa Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 2+2 va 2+3 tizimida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishga taklif etishi haqida oldinroq xabar bergan edik.

Moskva davlat qurilish universitetining (Rossiya) Bino va inshootlar qurilishi, Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish ta'lim yo‘nalishlari hamda Belarus milliy texnika universitetining (Belarus Respublikasi) Arxitektura, Muhandislik kommunikatsiyalari qurilishi va montaji (issiqlik-gaz ta’minoti va ventilyatsiya), Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini loyihalash va ulardan foydalanish ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’limga hujjat topshirgan abiturientlar uchun bugun Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida belgilangan jadvalga ko‘ra, yozma diktant shaklida sinov imtihonlari boshlandi.

Sinov imtihonlarni ochib berish uchun Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga Belarus milliy texnika universitetining uch nafar vakili ya’ni BMTU bosh direktorining marketing ishlari bo'yicha o'rinbosari Gancharyonok Igor Ivanovich, “Arxitektura nazariyasi va tarixi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Ojeshkovskaya Irina Nikolayevna va “Rus tili va adabiyoti” kafedra mudiri Budko Irina Vladimirovnalar tashrif buyurdilar.

“Assalomu alaykum, avvalambor Belarus milliy texnika universitetini tanlaganingiz uchun sizlarga BMTU rektori nomidan minnatdorchilik bildiraman. Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bilan Belarus miliy texnika universitetlarining hamkorlik shartnomalari imzolanganidan biz juda ham mamnunmiz. O‘zingizning bor bilim darajangizni bugun 100% lik natija bilan bizga ko‘rsatib berasiz degan umiddaman. Barchangizga a’lo kayfiyat tilagan holda, sinov imtihonlarida barchangizga omad tilayman” – deydi Igor Gancharyonok.
Shundan so‘ng abiurientlar qisqacha BMTU dargohi haqida umumiy ma’lumot bilan tanishtirildilar va sinov imtihonlariga start berildi.

Ma’lumot uchun, abiturientlarni o‘qishga qabul qilish, kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi. Abiturientlar dastlab rus tilida diktant shaklidagi sinovdan o‘tadilar.

"Arxitektura" ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirgan abiturientlar "Rasm, kompozitsiya, chizmachilik"dan ijodiy imtihon topshiradilar. Ijodiy imtihonda olingan ballar umumiy ballarga qo‘shiladi. Tanlovdan muvaffaqqiyatli o‘tgan abiturientlar o‘qishga qabul qilinadilar.
Ta’limning birinchi ikki yili SamDAQIda, keyingi bosqichlari xorijiy Oliy ta’lim muassasalarida davom ettiriladi.
Xorijiy universitetlarda o‘qishni muvaffaqiyatli tugatgan talabalar SamDAQI va xorijiy hamkor universitetlarning ikki tomonlama (double degree) diplomiga ega bo‘ladilar.