“O‘ZBEKISTON EKOLOGIK PARTIYASI” TASHKIL ETILDI

2019 yil 8 yanvar kuni Toshkent shahridagi Xalqaro savdo markazining (ITC) faollar zalida O‘zbekiston ekologik partiyasi ta’sis s’ezdi o‘tkazildi. Ta’sis s’ezdi O’zbekiston ekologik harakati, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy va o‘rta ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, OAV vakillari, jami – 275 nafar shundan 250 nafar delegatlar va 25 nafar tashkilotlardan qatnashdi. Ta’sis syezdiga institutimizdan suv ta’minoti, kanalizatsiya va suv resurslarini muhofaza qilish kafedrasi katta o‘qituvchisi Shuhrat Abdug‘afarovich Eshqobilov qatnashdi.
Kun tartibida O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha tashabbuskorlar yig‘ilishi qarori va O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tomonidan olib borilayotgan ishlar, O‘zbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihasi va O‘zbekiston ekologik partiyasi ta’sis s’ezdiga partiyani tashkil etish bo‘yicha masalalar qo‘yildi.
Konferensiyada O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha ko‘rsatilgan tashabbus, Tashabbuskor yig‘ilishida bu borada qabul qilingan qaror hamda, O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida konferensiya ishtirokchilariga to‘liq ma’lumot berildi.Konferensiyada o‘tmishda atrof muhit holatiga e’tiborsiz munosabatda bo‘lish, tabiiy resurslardan me’yordan ortiq foydalanish va ekologik talablarni mensimaslik Orol dengizi qurishi, cho‘llanish, er va suv resurslarining tanazzuli, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, biologik xilma-xillikning qisqarishi, ko‘p miqdordagi sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarning hosil bo‘lishi kabi qator global va mintaqaviy ekologik muammolarni paydo bo‘lishiga olib kelganligi ta’kidlandi.Tadbir ishtirokchilari tomonidan Respublikamiz fuqarolarining bir guruhi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining bugungi va kelajak avlodlarini qulay sharoitda yashash huquqini himoya qilish, barqaror rivojlanish maqsadlarida iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof muhitni muhofaza qilish va fuqarolar salomatligiga yo‘naltirilgan tizimli o‘zgarishlarga jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga da’vat qilishni o‘z oldiga maqsad qiluvchi O‘zbekiston ekologik partiyasini tuzish bo‘yicha Tashabuskorlar majlisida O‘zbekiston ekologik partiyasi tuzish bo‘yicha qaror mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Ta’sis s’ezdida kun tartibidagi masalalarni muhokama etgan holda,  ishtirokchilar tomonidan “O‘zbekiston ekologik partiyasi” yuz foiz ovoz bilan qo'llab quvvatlanib tashkil etildi va  qarorlar  qabul qilindi.