KORRUPSIYA BILAN HECH QACHON MAQSADIMIZGA ERISHA OLMAYMIZ
"Hech shubhasiz, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashning darajasi, uning amaliy samarasi ko‘p jihatdan huquq-tartibot, prokuratura va sud organlari tizimining o‘zida bu illatga qarshi qanday kurash olib borilayotgani bilan bog‘liqdir"
Islom Karimov
Bugungi kunda korrupsiya, adolatsizlik, pora kabi so‘zlar bod-bod qulog‘imizga chalinib turibdi. Bu bir-biriga uzviy bog‘langan jirkanch tushunchalar bilan bog‘liq jarayonlar sabab jamiyatimizning siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga zarar yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini hamda jamiyatning ma'naviy-axloqiy asoslarini yemiradi, demokratik institutlar va qonun ustuvorligini kuchsizlantiradi, fuqarolarning huquq va erkinliklariga jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi. Korrupsiya uyushgan jinoyatchilikni, terrorizmni va insoniyat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa tahdidlarning o‘sishiga yordam beradi. Xo‘sh, korrupsiya nima? Bu so‘z etmologiyasiga nazar tashlar ekanmiz u quyidagicha ta'riflanadi: "Korrupsiya (lot. corruptio — aynish, poraga sotilish)— mansabdor shaxsning oʻz mansabi boʻyicha berilgan huquqlarni shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suyisteʼmol qilishidan iborat amaliyot". Mansabdor shaxslarni sotib olish, ularning poraga sotilishi ham korrupsiya deyiladi. Xususan, 1997 yili qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasida korrupsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlaridan biri deya e’tirof etilgan.
Bugungi kunda yurtimizdagi hammaga tanish va eng oliy jinoyat bu - ta'lim tizimidagi korrupsiyadir. Ta'lim tizimini tubdan isloh qilish, uning sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga ta'lim tizimidagi korrupsiyani, poraxo‘rlikning oldini olishga ham astoydil kirishilgan. Ammo, o‘qishga kiritib qo‘yishdan tortib OTM da o‘qish, baho qo‘yish yoki baho olish jarayonlarida poraxo‘rlik avj olgan. Bu poraxo‘rlikka ko‘z yumayabmiz yoki o‘zimiz ishtirok etayapmiz bu bilan biz o‘z kelajagimizni yo‘q qilayapmiz, o‘z oyog‘imizga bolta urayapmiz. Bularni tag-tugi bilan yo‘q qilish birdaniga sodir bo‘lmaydi, hozirgi yosh avlodga bu narsa jinoyat va buning oqibatida uyatga qo‘yadigan holatlar mavjudligi uqtirilishi lozim. Ammo...
Yaqinda o‘zim guvoh bo‘lgan holat: yo‘lda ketayotgan edim nogoh bir kishining gapi qulog‘imga chalindi, u telefonda gaplashar ekan shunday gaplarni eshitdim-u, birdan kayfiyatim buzildi. "O‘quvchim bugun geografiya fanidan bilimlar bellashuvida imtihondan chiqdi, o‘quvchimning ozgina bilimi yetarli emas. Shifr raqami bor, shu haqida "Falonchi" ga aytdim. Xudo xohlasa o‘rin bor". Xo‘sh, bu bilan biz yosh avlodga pora yoki korrupsiya jinoyat ekanligi haqida uqtirayapmizmi yoki shu narsaga o‘rgatayapmizmi? Bir fikr yuritib ko‘ring.
Pora deganda, O‘tkir Hoshimovning "Dunyoning ishlari" nomli kitobining "Imon" nomli hikoyasi esimga tushadi. "…Nega men pora berishim kerak, nega? Porani harom odam beradi, bildingmi? Porani harom odam oladi, bildingmi? Porani imonsiz odam, imonsiz odamga beradi, tushundingmi? Nega men o‘z imonimni sotib poraxo‘rga yalinishim kerak?" Muallif bu voqeani o‘z boshidan kechirganki, shunday xulosa yasaydi: "...Mening go‘dak shuurimga pora - dunyodagi eng harom narsa, degan tushuncha mixlanib qoldi. To‘g‘ri, keyin ham poraxo‘rlarning har xilini ko‘rdim. O‘zining chalasavod bolasini o‘qishga joylash uchun pora beradiganlarni ham ko‘rdim. Birovni amal stoliga o‘tqazish uchun pora oladiganlarni-yu o‘sha kursiga o‘tirib, berganlarini o‘n hissa qilib qaytarib olish uchun pora oladiganlarni ham ko‘rdim. O‘zining qizi tengi xodimini dachasiga sudraydigan iprisqi amaldorlarni-yu ishini bitirish uchun begona to‘shakka bemalol yotadigan ayollarni ham, pora olib qiya bo‘lib ketganlarni ham ko‘rdim..."Asar shunday ta’sirli yozilganki, yig‘lab yuborasan kishi. Poraning qanday jirkanch va haromligi deyarli to‘liq ochib berilgan, lekin buni o‘qib uqmaganlar ham uchrab turadi. Pora olish va berish islom dinining besh ustunlaridan hisoblanmish “imon”ning sotilishiga tenglashtirilishi esa yuqoridagi gapni yana bir karra isbotlaydi.
Mamlakatimizda mazkur muammolarga qarshi kurash masalasiga mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq jiddiy e’tibor qaratib kelinayotir. O‘tgan davr mobaynida korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza va tizimli amaliyot shakllandi. Eng avvalo, respublikamizda BMT homiyligida qabul qilingan EKOSOS ning korrupsiyaga qarshi kurash rezalyatsiyasi, Davlat mansabdor shaxslarining axloq kodeksi, xalqaro tijorat tashkilotlarida korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash haqidagi deklaratsiya, Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konvensiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarning qabul qilinganligi mazkur illatlarga qarshi kurashda muhim omil vazifasini o‘tamoqda. Xususan, mamlakatimiz 2008 yili 7 iyulda BMTning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan konvensiyasiga qo‘shildi.Birinchi Prezidentimizning 2012 yilgi 29 oktyabrda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlash chora tadbirlari dasturi to‘g‘risidagi farmoyishi ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan choralarni yanada kuchaytirdi. Yaqinda O‘zbekiston “Transparency International” xalqaro tashkilotining korrupsiyaga qarshi reytingida 180 mamlakat va hududlar orasida 158 o‘rinni, ya'ni korrupsiyani qabul qilish indeksi, 100 ball bo‘yicha 23 ballni qayd etdi. Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabr kuni konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 27 yilligiga bag‘ishlangan ma'ruzasida 2018 yil bo‘yicha 1177 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga qo‘l urgani haqida aytib o‘tgan edi. Bularning orasida tuman, viloyat hokimlari, kimnidir o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga qo‘lga tushgan "chaqqonlar"ham bor. Bir yilda shuncha adolatsizlik, shuncha jinoyat. Buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz shunday degan ekan: "Bir kunlik adolat yuz kunlik toat-ibodatdan afzaldir". Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘sha yig‘ilishda Oliy Majlis Palatasida korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitalarini tuzishni taklif qilgan.
Xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, pora borasida ayb ikki taraflama, ya'ni "Qars ikki qo‘ldan chiqadi", baho olish, o‘qishga kirish, ishimiz tezda bitish uchun biz o‘zimiz pora taklif qilayapmiz. Biz buni bartaraf etish uchun o‘zimiz-o‘zimizni tarbiyalashimiz, pora bermay o‘zbilimimiz bilan muammolarimizni hal qilishimiz kerak. Zero, "Bugun bu sening ertang" demakdir. Mana shundagina "Yo zaring bo‘lsin, yo zo‘ring" degan gap o‘z kuchini yo‘qotib, odamlar o‘zlariga ko‘proq ishonadigan bo‘ladilar.