Biz ekstremizm va terrorizmga qarshimiz!
2018 yil 5 iyun kuni SamDAQI kichik faollar zalida “Biz diniy ekstremizm va terrorizmga qarshimiz!” mavzusida man’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Samarqand viloyat hokimligi, Samarqand viloyati prokuroturasi, viloyat IIB, Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyat boshqarmasi va institut ma’naviyat va ma’rifat va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Uchrashuvda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori v.v.b E.Isakov so‘zga chiqib, bugungi tadbirning mazmun-mohiyati va undan ko‘zlangan asosiy maqsad haqida yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumot berib o‘tdi. Hamda tadbirda qatnashish uchun kelgan mehmonlarni birma-bir tanishtirdi. Uchrashuvda dastlab diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlarini yorituvchi “Tafakkur ehtiyoji” filmi namoyish etildi.
Shundan so‘ng, Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari S.Usmonov “Diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari ” mavzusida ma’ruza qilib, quyidagilarni ta’kidladi.Bugungi kunda xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, diniy qarama-qarshilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ekologik muammolar, ayrim mintaqalarda iqtisodiy nochorlik, ishsizlik, qashshoqlik kuchayib borayotgani butun insoniyatni qattiq xavotirga solmoqda. Ayniqsa, keyingi paytda turli mamlakatlarda sodir etilayotgan terrorchilik harakatlarining ijrochilari qatorida millatimizga mansub kimsalar ham borligi xalqimizda afsus va nadomat uyg‘otmoqda.
Hozirgi vaqtda yoshlar, ayniqsa, chet elda ishlab, halol mehnat bilan daromad topaman, deb yurgan fuqarolarimizni terrorizm va ekstremizm changaliga tushib qolmasligi uchun hukumatimiz tomonidan barcha choralar ko‘rilayapti.
Jumladan, Muhtaram Prezidentimiz topshiriqlariga asosan turli diniy oqimlarga boshqalar ta’sirida yoki yoshlik qilib, oqibatini bilmasdan kirib qolganlar, noto‘g‘ri yo‘ldan qaytgan, adashganini anglab yetgan shaxslar bo‘yicha alohida ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida bugungi kunga qadar 1749 nafar fuqarolarning 1625 nafari maxsus hisobdan chiqarilgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Respublikamizda qonunlarni aniq bajarilishi yuzasidan prokuratura xodimlari tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyat boshqarmasi xodimi J.Shukurov ham so‘zga chiqib, bugungi kunda diniy ekstremizm butun jahonda davrning eng global muammolaridan biriga aylanayotgani, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida diniy ekstremizm bilan bog‘liq muammolar o‘zining salbiy oqibatlarini keltirib chiqarayotganligi har birimizdan hushyorlikni talab qilayotganini aytib o‘tdi.
Bizning yurtimizda ham diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash qanchalik izchil tarzda olib borilishiga qaramasdan yoshlarimiz orasida dinni to‘g‘ri tushunmasdan turli xil diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolayotganlar borligi bizni o‘z xizmat vazifamiz doirasida yanada ko‘proq ishlashga da’vat etadi.
Yoshlar o‘rtasida diniy ekstremistik g‘oyalar, missionerlik va prozelitizm tarqalishining oldini olish uchun joylarda ijtimoiy-siyosiy, diniy vaziyatning doimiy monitoringi va tahlilini tashkil etish, vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha mutasaddi tashkilot va idoralar orasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash zarur. O‘quv muassassalari, mahalla yig‘inlari, korxona va tashkilotlarda yoshlarni dunyoviylik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish har bir mutasaddi rahbardan katta mas’uliyat talab etadi.
Shuningdek, uchrashuvda so‘zga chiqqan viloyat bosh imom xatibi o‘rinbosari X.Sattorov “Ekstremizm va terrorizm - jamiyat dushmani” mavzusida ma’ruza qilib, quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi.
Qur’oni Karimda aytilgan “O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamang”, degan hikmatli so‘zlardan hammamiz xulosa chiqarishimiz lozim. Bizning beparvoligimiz, loqaydligimiz faqat fojia keltiradi.
“Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir”, deydi buyuk allomalarimiz. Bolalarimiz, ularning taqdiri, kelajagi haqiqatdan ham juda omonat ekanini bugungi hayot har tomonlama isbotlamoqda. Agar farzandlarimizga to‘g‘ri tarbiya bermasak, har kuni, har daqiqada ularning yurish-turishi, kayfiyatidan ogoh bo‘lib turmasak, ularni ilmu hunarga o‘rgatmasak, munosib ish topib bermasak, bu omonatni boy berib qo‘yishimiz hech gap emas deb islom dini eng sof din ekanligi, o‘zini haqiqiy musulmon deb bilgan inson o‘zgalar hayotiga daxl qilmasligi, begunoh kishilarni qonini to‘kmasligi kerakligi haqida gapirdi.
Ma’rifiy uchrashuv bahs-munozaralarga boy bo‘ldi hamda talaba-yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi. Tadbir yakunida institut rektori v.v.b E.Isakov tadbir tashkilotchilariga mazmunli suhbat tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.