“BILIMDONLAR BELLASHUVI"

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Qurilish fakulteti “Bino va inshootlar” kafedrasining tashabbusi bilan, 2019 yil 29 may kuni institut katta faollar zalida Qurilish fakultetining 2-bosqich BvaIQ guruhlaridan tashkil topgan jamoalari o‘rtasida, “Fuqaro va sanoat binolari qurilishi” fanidan “Bilimdonlar bellashuvi” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 4 jamoa 4 shart bo‘yicha bellashdilar. 1-shart: tanishtiruv, 2-shart: berilgan variant asosida mukammmal chizma chizish, 3-shart: mutaxassislik bo‘yicha test savollari, 4-shart: tezkor savol javoblardan iborat bo‘lib, talabalar har bir shart bo‘yicha yil davomida olgan bilim va ko‘nikmalarini namoyon etishga harakat qildilar.
Barcha shartlar natijasiga ko‘ra Sh.Sirojiddinov rahbarligidagi “Kelajak bunyodkorlari” jamoasi I o‘ringa loyiq deb topildi. II o‘rinni “Yangi asr quruvchilari” va “Yosh muhandislar” jamoalari egallagan bo‘lsa, III o‘rinni “Yosh innovatsion loyihachilar” jamoasi egalladilar.
Shuningdek, tadbirda institutning “Ulug‘bek yulduzlari” xonandalarining kuy qo‘shiqlari  hamda Qurilish fakulteti “Quvnoqlar va Zukkolar” terma jamoasining yumoristik chiqishlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbir so‘ngida Qurilish fakulteti ma’muriyati tomonidan ishtirokchilarga diplom va faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari, g‘olib jamoaga esa fakultetning ko‘chma kubogi topshirildi.