2018 yil 1 fevral kuni “G‘arbiy Evropaning zamonaviy va milliy arxitekturasi va qurilishi ” mavzuida master-klass
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 2018 yil 1 fevral kuni “G‘arbiy Evropaning zamonaviy va milliy arxitekturasi va qurilishi ” mavzuida master-klass bo‘lib o‘tdi.
Unda «Taller de Arquitectura», «Les Atelliers du Grand Hornu», «MNY», «SADE» kompaniyalarining asoschisi bo‘lgan, shuningdek Ispaniya, Rossiya, Argentina, Qozog‘iston, Ukraina, Turkmaniston, Janubiy Koreya, Belgiya, Jazoir kabi davlatlarning rivojlangan zamon talablariga javob beradigan hududiy loyihalarini ishlab chiqishda asosiy o‘rinlarni egallagan Ispaniyalik quruvchi-arxitektor Manuel Nunez Yanovskiy va SamDAQI professor-o‘qituvchilari va talabalari, magistrantlari hamda doktorant va katta ilmiy hodimlari ishtirok etishdi.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institut prorektori A.N.Gadaev mamlakatimizda shahar infratuzilmasini rekonstruksiya qilish hamda yangilash bilan birga, har bir ob’ektning hajmiy ko‘lami, masshtabi o‘ta yuqori darajadagi texnologiyalar, kasbiy mahorat bilan loyihalashtirilganligi va qurilish san’ati, qurilish konstruksiyalari, ashyolari va materiallari bilan mamlakatimizning arxitekturaviy qurilishi, piyodalar harakati va transport vositalari qatnovini zamon talablaridan kelib chiqqan holda tashkil qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Shaharlar infrastrukturasi rivojlanishi, ularning yirik megapolislarga aylanishi aholi uchun yanada sifatli turmush darajasi, ayniqsa, qurilayotgan binolar uchun zarur qulayliklar yaratishni talab etadi. Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengaymoqda. Ushbu master-klassda ham shahar me’morchiligi loyihalarini amalga oshirishda aholining yaxshi yashashi va faoliyat olib borishi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida jahon tajribasini o‘rganish maqsadida tashkil qilindi.
Manuel Nunez Yanovskiyning master-klass ma’ruzasi ham aynan zamonaviy jahon arxitekturasi odamlarning qulay yashashi va harakatlanishiga moslashtirilgan bo‘lishi lozimligini namoyon etadi. Misol tariqasida, G‘arbiy Evropada Manuel Nunez Yanovskiy g‘oyasi bilan tashkil etilgan zamonaviy bino va inshoatlar G‘arbiy Evropaning milliy arxitekturasi bilan uyg‘unlashgan komozitsiyalarini namoyish etildi. Bunda nafaqat hozirgi zamon talablaridan, balki dunyo arxitekturasining kelajagini ham belgilab beradigan ob’ektlarning G‘arbiy Evropada mashhur tarixiy xaykallar bilan uyg‘unlashtirilgan holda yaratilgan arxitektura san’atini ko‘rish mumkin.
Tadbir davomida Manuel Nunez Yanovskiy shaharlar arxitekturasini rivojlantirishda inobatga olinishi va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan choralar yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Master-klass ishtirokchilari G‘arbiy Evropaning zamonaviy va milliy arxitekturasi va qurilishiga oid o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi.