RAQAMLI IQTISODIYOTNI INNOVATSION RIVOJLANTIRISH YO‘LIDAGI — YOSH OLIMLAR ANJUMANI BO‘LIB O‘TDI
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 2020 yilning 3 iyun kuni "Raqamli iqtisodiyotni shakllantirishda ilm-fan va innovatsion yutuqlarni amaliyotga joriy etishning dolzarb muammolari” mavzusidagi yosh olimlarning XVII respublika ilmiy-amaliy “online” konferensiyasi o‘tkazildi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini 2020 yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yilida amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ushbu konferensiya, O‘zbekiston Respublikasi fan va texnologiyalar modernizatsiyasi borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samaradorligini oshirish, Respublika hayotining turli sohalarini rivojlantirishga yoshlarni keng jalb etish, ularning iqtidori, ilmiy salohiyatidan unumli foydalanish va yosh olimlarning ilmiy tadqiqot ishlarini yangi bosqichlarga olib chiqish borasida amalga oshirishga xizmat qiladi.
Anjumanda yosh tadqiqotchilar tomonidan arxitektura, qurilish, shaharsozlik, va kompozitsion materiallar yaratish, geodeziya, kartografiya, ekologiya, kadastr, iqtisodiyot, turizm, servis sohalarini rivojlantirish va kadrlar sifatini oshirish muammolari va yechimlari muhokama qilindi.
Respublikamiz Oliy ta’lim muassasalari hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlari va iqtisodiyot sohalari korxonalaridan 73 nafar yosh professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar, 53 nafar yosh olimlar, 147 nafar magistrant va iqtidorli talabalar o‘z ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdilar.
Konferensiya ishida Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori Sultan Axmedov, Turkiya Kastamonu universiteti professori, iqtisod fanlari doktori Ozodbek Karamatov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bosh ilmiy kotibi G‘ayrat Baxadirov va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi yosh olimlar kengashi raisi o‘rinbosari Gulsanam Tillayevalarning kirish va tabrik so‘zlari yosh olimlarni yanada ilhomlantirdi.
Anjuman doirasida yosh olimlarning tadqiqot ishlari yo‘nalishlari bo‘yicha Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, institut “Yosh olimlar kengashi” va O‘zbekiston fanlar akademiyasining sertifikat va diplomlari bilan taqdirlanadilar.
Anjuman yakunida ishtirokchilar tomonidan ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasida raqamli iqtisodiyotni va innovatsion texnologiyalarni qo‘llashning zamonaviy modelini yaratish va ilmiy asoslangan tartibini ishlab chiqish to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi va amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Usmon XUSHVAQTOV
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bo‘lim boshlig‘i
Lazizbek IBRAGIMOV
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti yosh olimlar kengashi raisi