1 dekabr – “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni”ga bag‘ishlab “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” mavzusida tadbir
2018 yil 30 noyabr kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 1 dekabr – “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni”ga bag‘ishlab talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, OIV/OITS kasalligi, giyohvandlik, ichkilikbozlik, tamaki chekish kabi illatlarning oldini olishga qaratilgan “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Samarqand viloyati Narkologiya dispanseri vrachi G.M.Xalilova, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor O.Xaitov, 150 nafar professor-o‘qituvchi va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor O.Xaitov so‘zga chiqib, ushbu mavzu yuzasidan quyidagilarni ta’kidladi.
OITS kasalligi global muammolardan biri ekani sir emas. Hozirgi kunda jahon bo‘yicha 34 mln. kishi OIV infeksiyasiga chalingan bo‘lsa, har yili ularning safiga yana 2 mln. 700 ming nafar kishi qo‘shiladi. O‘tgan davr mobaynida qariyb 2 mln.ga yaqin odam bu kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Bu raqamlar kasallik hozirgi kunda insoniyatga qanchalik xavf tug‘dirayotganini ko‘rsatib turibdi.
Institutda talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, OIV/OITS kasalligi oldini olish maqsadida orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi haqida batafsil ma’lumot berish uchun Samarqand viloyati Narkologiya dispanseri vrachi G.M.Xalilovaga so‘z navbati berildi.
Mutaxassis o‘z chiqishida mavzu yuzasidan quyidagilarni ta’kidladi.
OIV infeksiyasi – odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli kasallik hisoblanib, virus bemor odam organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Infeksiya dastlab yashirin tarzda kechishi, bu davr bir necha oydan 5-10 yilgacha va undan ham ortiqroq davom etishi mumkin. Kasallikning yashirin davrida virusni yuqtirib olgan shaxslar ko‘rinishidan sog‘lom bo‘lib, ularda kasallikning hech qanday belgilari kuzatilmaydi. Kasallikning shu davri ancha xavfli hisoblanib, infeksiyani yuqtirib olgan shaxslar o‘zlari bilmagan holda kasallikni boshqalarga yuqtirib yurishlari mumkin. OIV infeksiyasida me’yorda ishlab turgan immun tizimi yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi. Ammo, virus organizmda ko‘payib asta-sekin immun tizimni mutlaqo izdan chiqaradi va natijada OITS rivojlanadi. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) – odamning immun tizimini immunitet tanqisligi virusi shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan xastalikning so‘nggi bosqichidir.
Kasallikning asosan uch xil: OIV infeksiyasi bor shaxslar bilan himoyalanmagan jinsiy aloqa qilganda – jinsiy; giyohvand moddalarni guruh bo‘lib tomir orqali qabul qilganda, virus bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va uning tarkibiy qismlari quyilganda, zararsizlantirilmagan (etarlicha dezinfeksiya qilinmagan) jarrohlik, doyalik, stomatologik, sartaroshlik va boshqa asboblar orqali tibbiy muolajalar olganda, shprits va ignalardan umumiy foydalanilganda parenteral; infeksiyaga chalingan homilador onadan bolaga homiladorlik davrida jarohatlangan yo‘ldosh orqali, bola tug‘ilishi jarayonida tug‘ruq yo‘llari jarohatlanishi tufayli va bolani emizish jarayonida ona suti orqali – vertikal yo‘l bilan yuqishi isbotlangan.
Kasallikning shu davri ancha xavfli hisoblanib, OITSni yuqtirib olgan shaxslar o‘zlari bilmagan holda kasallikni boshqaga yuqtirishi mumkinligi, virus organizmda to‘siqsiz ko‘payib asta-sekin immunitet tizimini mutlaqo izdan chiqarishi, agar tegishli davo choralari ko‘rilmasa kasallik rivojlanib ketishi mumkinligini aytib o‘tdi. Bundan tashqari ushbu kasallikni oldini olish uchun qanday tadbirlarni amalga oshirish kerakligini talaba-yoshlarga atroflicha tushunchalar berib o‘tdi.Tadbir yakunida talaba-yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollarini berishdi va mutaxassisdan atroflicha javob olishdi.