“BUVIJONIM KIYGAN LIBOSLAR”

 

2019 yil 30 oktabr kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining kichik faollar zalida institut xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti hamda xodimlar va talabalar kasabasi uyushma qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti hamkorligida o‘zbekona kiyinish madaniyati va uning targ‘iboti, kiyim tanlash, zamonaviy kiyinishda o‘zbekona sharm-hayo me’yorlariga amal qilish, milliy mentalitetimizning asl qirralarini ochib berish maqsadida “Buvijonim kiygan liboslar” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institut xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raisi Muqaddas Boboqulova ochib, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad haqida, o‘zbek qizlarining ma’naviyati, sharqona odob-axloqining hozirgi zamon yoshlari hayotidagi o‘rni, ahamiyati haqida fikrlar bildirdi.
Nasimova Maftuna va Alijonova Matlubaxonlar tomonidan tengdosh dugonalariga targ‘ibot va tavsiya sifatida tayyorlangan o‘zbekona kiyinish madaniyati, kiyim tanlash, zamonaviy kiyinishda o‘zbekona sharm-hayo me’yorlariga amal qilish, milliy an’analarimizni keng targ‘ib qilish orqali urf-odat va qadriyatlarimizga xos bo‘lmagan g‘arb va boshqa kiyinish madaniyatiga taqlidning oldini olish hamda talaba-qizlarda milliy kiyinish madaniyatini shakllantirish lozimligi haqidagi taqdimoti tinglandi.
Tadbirda zamonaviy o‘zbek qizlariga namuna bo‘la oladigan uyda kiyiladigan, ta’lim mauassasiga kiyiladigan, mehmon va bayramlarda kiyiladigan liboslar ko‘rgazmasi namoyish qilindi.
Tadbir ishtirokchilari na’munaviy kiyimlarga nisbatan o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir bahs-munozaralarga boy bo‘lib, talaba-qizlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga tajribali xotin-qizlar yetakchilari tomonidan to‘liq javob olishdi. Shuningdek, talaba-qizlar tomonidan tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirilib, buyuk kelajakni qurish yo‘lida oliy maqsadlar sari og‘ishmay faoliyat yuritishlari haqida gapirdilar.
Tadbir yakunida xotin-qizlar qo‘mitasi institut boshlang‘ich tashkiloti raisi Muqaddas Boboqulova sharqona tarbiya – qalb gavhari ekanligi, sharq madaniyat o‘chogi, sharq – fanlar beshigi, tarbiyani sharqdan o‘rganaylik kabi ta’riflarga sadoqatda bo‘lish, ko‘proq ayollarga tegishli ekanligi, dunyo mashhurlarini rom etgan go‘zallarimizning asosiy bezagi – milliy madaniyatimizda ekanligi, o‘zbek qizlari To‘maris, Nodirabegim, Uvaysiy izdoshlari ekanligini unutmaslik lozimligini aytib, tadbir ishtirokchilariga tashrif buyurganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.