BIM — BU KELAJAK!
Davlatimiz rahbarining qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarga oid Farmoni PF-5577 bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 1 iyuldan boshlab qurilish jarayonining barcha ishtirokchilari (buyurtmachi, loyihalovchi, pudratchi) uchun BIM texnologiyalarini qoʻllashga bosqichma-bosqich oʻtishni nazarda tutuvchi tartib tasdiqlangan edi.
Oʻzbekistonda qurilish sohasida 3D texnologiyasi tatbiq etiladi.
Xoʻsh, BIM texnologiyasi nima oʻzi?
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga Rossiya Federatsiyasi Moskva shahridan “GRAPHISOFT” kompaniyasining zamonaviy dasturlardan foydalanish bo‘yicha o‘rgatuvchi mutaxassisi Kalashnikova Mariya Vladimirovna va Toshkentning “ServiceYou” kompaniyasining sotuv bo‘limi mendjeri Murodov Bahtiyor Muxtoraliyevich tashrif buyurdilar.
Rossiyalik mutaxassis SamDAQI talaba-yoshlariga oxirgi zamon talabiga mos va tezkor hamda zamonaviy texnoligik BIM texnologiyasi haqida o‘zining seminar-treningida batafsil tushuncha berdi.
— BIM — bugungi kun talabiga javob beradigan texnologiya, — deydi “GRAPHISOFT” zamonaviy dasturlardan foydalanish bo‘yicha o‘rgatuvchi mutaxassisi Mariya Kalashnikova. — Yaʼni 3D formatda loyihalashtirish va qurilish ishlarni olib borish hamda ushbu jarayonlarning oxirgi bosqichlarini koʻrish hamda biror o‘zgarish bo‘ladigan bo‘lsa ham, uni to‘liq ham 2D va 3D da parallel ravishda tuzatish imkoniyatini beradi. Bu esa qurilish sifatini oshiradi.
Seminar so‘ngida “GRAPHISOFT” kompaniyasi vakili hamda SamDAQI ma’muriyati maxsus sovg‘alar bilan almashishdilar.
Mamlakatimiz qurilish sohasini xalqaro talab hamda qoidalarga uygʻunlashtirish, bunyodkorlik ishlarini jadal rivojlantirishda bu kabi ilgʻor texnologiya va loyihalar muhim ahamiyatga ega. Rossiyaning “GRAPHISOFT” kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasining arxitektura va qurilish sohasida ta’lim beradigan barcha Oliy ta’lim muassasalari bilan shartnoma asosida BIM texnologiyasi dasturlarini bepul o‘rnatish va bepul “Online” o‘rganish imkoniyatini bermoqda.
Kelajakda BIM texnologiyasi dasturi orqali talabalarni o‘qitish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tishi rejalashtirildi.