“START-UP” LOYIHALARI TAQDIMOTI

 

Bugun yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida iste’dodli va iqtidorli talabalar bilan ishlash, jumladan, ularning ko‘rik-tanlovlar, ko‘rgazmalarda ishtirok etishi, tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha amaliyot o‘tashlari borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, joriy yilning 27-29 fevral kunlari Samarqand viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Samarqand viloyat boshqarmasining amaliy yordamida viloyatda o‘tkazilgan “Sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi”da Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti iqtidorli talaba-yoshlarining “START UP” loyihalar taqdimoti tashkil etildi.
Taqdimotda institut iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan muhandislik kommunikatsiyalari, arxitektura va qurilish yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari bo‘yicha tayyorlangan innovatsion ishlanmalar, real loyihalar namoyish qilindi.
“START UP” loyihalar taqdimotida institut iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan jami 15 dan ortiq loyiha mualliflari ishtirok etib, tadbirda talaba-yoshlarning intellektual va ilmiy-ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning imkoniyatlarini yanada yaxshilash, innovatsion g‘oyalari va real loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutgan manfaatli uchrashuv va suhbatlar bo‘lib o‘tdi.

Taqdim etilgan loyihalarga viloyatda faoliyat yuritayotgan yirik sanoat korxonalari, kichik biznes vakillari va xususiy tadbirkorlar qiziqish bildirishdi, ular bilan real loyihalarni amaliyotga tadbiq etish borasida muzokaralar olib borildi.

Samarqand viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Samarqand viloyat boshqarmasiga “START UP” loyihalar taqdimotida ko‘rsatgan amaliy yordamlari uchun Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti ma’muriyati minnatdorchilik bildiradi.