USTOZLAR DUOSI - SAODAT KALITI
Mehr-oqibat, saxovat va muruvvat, yoshi ulug‘larga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos bebaho fazilatlardir. Faxriylarni e’zozlash, ularga mehr-oqibat ko‘rsatish, oq fotihalarini olish, keyingi yillarida ma’naviy hayotimizning tom ma’nodagi ajralmas qismiga aylandi. Ayniqsa, bayramlar arafasida ularni holidan xabar olish an’anaga aylanib qolgan. Shu munosabat bilan Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti “Yoshlar bilan ishlash, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi” xodimlari uzoq yillar davomida institutda ishlab bugungi kunda nafaqaga chiqib, keksalik gashtini surayotgan pedagoglar R.Alimov, N.Boboqandov, T.F.Baratov kabi faxriy ustozlar xonadoniga tashrif buyurib ularning holidan xabar olishdi.
R. Alimov 1966-yildan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining arxitektura fakulteti “Chizma geometriya va muhandislik grafikasi” kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent hamda kafedra mudiri lavozimlarida nafaqaga chiqqunga qadar faoliyat olib borgan. Shu yillar davomida uning sohaga oid yuzdan ortiq ilmiy maqolalari, tezislari, o‘quv uslubiy qo‘llanmalari nashrdan chiqdi. Qolaversa hozirda ko‘plab shogirdlari institut va Respublika miqyosida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Institutning yana bir faxriy o‘qituvchisi shoir va notiq N.Boboqandovdir. Ustoz 1971 yildan 2015 yilga qadar institutda o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida faoliyat olib borgan. Ta’lim- tarbiyadan tashqari u ijod bilan ham shug‘ullanib keldi. Xususan uzoq yillar “Samarqand”(STV) telekanalida “Fan ufqlari” ko‘rsatuviga, institutning “Bunyodkor” gazetalariga mualliflik qildi. Ijodkorning Ma’naviyat va ma’rifatga doir “Odob gulshani”, “Ma’rifat bo‘stoni” nutq madaniyatiga oid “Nutq-notiqlik san’ati”, “Tilimizda o‘zlashtirilgan so‘zlar” kabi ilmiy ommabop qo‘llanmalari nashr etildi. Bundan tashqari o‘nlab she’riy to‘plamlar, ruboiylar, tuyuqlar va fardlar chop etildi.Shuningdek institutda uzoq yillar talabalarga ta’lim-tarbiya berib, ularga rus tili metodikasini o‘rgatgan nafaqadagi pedagog T.Baratovdir.U o‘zining rus tiliga oid ko‘plab o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarini chop etib ilm-fanga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Hozirda yosh o‘qituvchilar va talabalar ushbu qo‘llanmalardan samarali foydalanib kelmoqda.
Suhbat asnosida keksa ustozlar dinimizda yoshi ulug‘larning xislatlari, ularning duolari tufayli jamiyatga yetadigan qut-baraka haqida so‘zlab, elimizda keksalarga bo‘lgan ehtirom xalqimizning tarixan shakllangan turmush tarziga aylanganligini ta’kidlab o‘tishdi.Ustozlarga ta’lim sohasida samarali mehnat qilib, ilm-fan rivojiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayotganliklari uchun samimiy minnatdorchilik bildirilib ularning duolari olindi.