Biz – huquqbuzarlikka qarshimiz!
2018 yil 29 noyabr kuni qurilishni boshqarish fakultetida payshanba –“Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”ga bag‘ishlab talaba-yoshlar o‘rtasida “Biz – huquqbuzarlikka qarshimiz!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatini qurilishni boshqarish fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari M.Eshmuradov ochib berib, davra suhbatining mavzusini va undan ko‘zlangan maqsadlar haqida gapirib o‘tdi.
So‘ngra “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi R.Latipov so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, turli sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlar zamirida jamiyatning muhim bo‘g‘ini hisoblangan yoshlarning alohida hissasi bor. Ta’kidlash joizki, barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish, talaba-yoshlar o‘rtasida turli huquqbuzarlik, jinoyatchilik, diniy ekstremizm va aqidaparastlikning oldini olish, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va huquqiy ongini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biridir.
“Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida, shuningdek, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da ko‘plab muhim masalalar qatori yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga alohida e’tibor qaratilgani ham fikrimiz dalilidir. Davlatimiz rahbarining tegishli davlat idoralarini yoshlar sodir etgan jinoyatlarni tahlil qilishga, ularning sabablarini aniqlashga va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishga da’vat etayotgani ham bu masalaning naqadar muhim ekanligini ko‘rsatmoqda.
Yuqoridagi dolzarb masalalardan kelib chiqqan holda, qurilishni boshqarish fakulteti va ichki ishlar organlarining doimiy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, yoshlar muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish, turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishga ko‘maklashishini ta’kidladi.Davra suhbati o‘zaro erkin fikr, mulohaza va savol-javob tarzida o‘tkazildi.