Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish
2018 yil 2 noyabr kuni institutda “Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Tadbirda institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.b. O‘.J.Xudayarov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi bosh imom xatibi o‘rinbosari Y.Mansurov, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar va 120 nafar talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.b. O‘.Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibidagi mavzu bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi. Shuningdek, yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng, so‘z navbatini O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi bosh imom xatibi o‘rinbosari Y.Mansurovga berdi.
Bosh imom xatibi o‘rinbosari Y.Mansurov o‘z so‘zida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi. Ming shukrki, yurtimiz tinch va xotirjam. Xalqimiz osoyishta umrguzaronlik qilmoqda. Bularning barchasi el orasidagi ahillik va totuvlikning omillaridan biri bag‘rikenglik tamoyilidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda qayd etilganidek, Respublikamizda barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega, ular jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar qonun oldida tengdirlar, hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Shu bilan birga, Respublikamizdagi diniy tashkilotlar mustaqil huquqiy shaxs sifatida yer maydoni va uy-joyiga ega bo‘lish, diniy adabiyotlarni nashr etish, diniy mutaxassislar tayyorlash, turli tadbirlar o‘tkazish, muqaddas joylarga ziyoratlar tashkil etishlari uchun barcha imkoniyatlarga egadirlar.Mustaqillikning dastlabki kunlaridan olib borilgan odilona siyosatning samarasi, shuningdek, azaliy xalqimizning yuksak fazilatlari sabab, bugun barcha millat va din vakillari yurtimizda tinch va ahil yashab, hayot kechirmoqdalar. Ayniqsa, Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ni tasdiqlangani va bu yo‘nalishning beshinchi bandida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash kabi masalalarning ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanishi ham davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Respublikamizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular o‘rtasida qadimiy mushtarak an’analarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yurt tinchligi va taraqqiyotiga, umuminsoniy madaniyat va ma’naviyat rivojiga xizmat qiladi. Respublikamizda islom bilan bir qatorda 16 diniy konfessiya emin-erkin faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Shu aziz Vatan – hammamizniki. Bizdan ozodva obod Vatan qolsin”, degan so‘zlari shiorga aylangan.
Qur’oni karimdagi Mumtahana surasining 8-oyatida Alloh taolo shunday deydi: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab)chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”. Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: “Imonning afzali sabr va bag‘rikenglikdir”. Chindan ham, dinimiz ta’limotiga ko‘ra, bag‘rikeng bo‘lish imon belgisidir.
Abdulla Avloniy bag‘rikenglik bo‘lmasa, qanday oqibatlar kelib chiqishi haqida gapirar ekan, jumladan shunday deydi: “Qaysi bir millatning orasida birlik ko‘tarilib, nifoq va adovat hukm surgan bo‘lsa, ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlanganligi tarix sahifalaridan ma’lumdir”.
Hazrat Alisher Navoiy shoh baytida dunyo aholisiga shunday murojaat qiladi:
“Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizga kim, erur yorlig‘ ish…”
Bobokalonimiz “Olam ahli…” deya millatu-irq, dinu-mazhab kabi tafovutlardan qat’i nazar jumlai olamga xitob etib, barcha insoniyatni tinchlikka, totuvlikka, o‘zaro hamjihatlikka chorlagan. Bag‘rikeng yurtda o‘zbekmi, rusmi, qozoqmi yoki boshqa millatga mansub bo‘lsa ham, barcha bir yurtning farzandlaridir. Shu yurtda tug‘ilib o‘sgan har bir inson ota-bobolari, buvilari ahil, birdam yashash naqadar ulug‘ fazilat ekanligini ongiga bolalikdanoq singdirib ulg‘aytirganlar. Shunday ekan, yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlikni asrab-avaylashga biz ham o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz darkor.Tadbir bahs-munozaralarga boy bo‘ldi hamda talaba-yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassisdan atroflicha javob olishdi.Tadbir yakunida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.b. O‘.Xudayarov tadbir tashkilotchilariga mazmunli suhbat tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.Uchrashuv mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratilganligini ta’kidladi.