“BOLALAR – HUR VATANNING ERTASI”

 

1 iyun — Xalqaro bolalar kuni munosabati bilan, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori va institut yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yoshlari tashabbusi bilan 2019 yil 28 may kuni Samarqand shahridagi 10-son mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari institutga tashrif buyurdilar.
Dastlab bolajonlar institut tarixi bilan yaqindan tanishish va yangi ijod namunalarini ko‘zdan kechirish maqsadida institut muzeyi hamda “Tasviriy san’at” kafedrasiga tashrif buyurdilar. Shundan so‘ng talabalar hayoti va talabalar turar-joyidagi shart-sharoitlar bilan tanishishdilar. Shuningdek, bolalarni kitobxonlikka jalb qilish, kitobga bo‘lgan ma’naviy va ma’rifiy qarashlarini yanada yuksaltirish uchun institut axborot resurs markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Bolalarning madaniy hordiq olishlari uchun institut katta faollar zalida boshlang‘ich tashkilot yoshlari tomonidan “Bolalar – hur vatanning ertasi” nomli bayram kechasi ham tashkil etildi.
Bayram kechasi dasturida “To‘maris” raqs ansambli qizlarining betakror raqslari, “Ulug‘bek yulduzlari” xonandalarining kuy-qo‘shiqlari va albatta mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan “Mehrjon” vokal ansambli tomonidan ijro etilgan bir-biridan betakror kuy-qo‘shiqlar bolalarning quvonchiga quvonch ulashdi.
Tadbir davomida bolajonlar tomonidan turli xil yo‘nalishlarda chizilgan rasmlar orqali “ Yosh arxitektorlar”, “Yosh dizaynerlar” va “Yosh loyihachilar” kabi serqirra yosh ijodkorlar aniqlandi. Tadbir so‘ngida bayram munosabati bilan institutimizning faol a’zolari tomonidan bolalarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.