REKTOR VA YOSHLAR UCHRASHUVI

 

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida “Rektor va yoshlar” shiori ostida institut rektori Sultan Ilyasovich Axmedov va prorektorlar bilan Qurilish fakulteti birinchi bosqich talabalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
2019 yilning 29 oktabridan boshlab fakultetlar kesimida belgilangan jadvalga asosan institut rektori va prorektorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Unda institut rektori Sultan Ilyasovich Axmedov avvalambor talabalarni talabalik baxtiga erishganligi bilan samimiy muborakbod etib, institut tarixi haqida, institut professor-o‘qituvchilarining faoliyati hamda institut ma’muriyati bilan tanishtirdi.
Institut rektori talabalarga qilgan murojaatida ta’lim tarbiya, odob-axloq qoidalariga rioya qilishlarini, korrupsiyaga asoslangan ta’limning oqibatlari salbiy voqealarga sabab bo‘lishi haqida umumiy tushunchalar berib o‘tdi.
Bundan tashqari institut hududida obonlashtirish ishlari olib borilayotganligi haqida alohida to‘xtalib, xususan SamDAQI bosh binosida hozirgi kunda kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotganini ta’kidlab o‘tdi: “Bunday sharoitlar faqat siz aziz talabalar, siz yoshlar sifatli ta’lim olishingiz uchun, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishingiz, bunga javoban uyimizni asrab avaylashingiz, kelajak avlodga ham o‘rnak bo‘lishingiz kerak”, - deya o‘z fikrlarini yakunladi.
Muloqot davomida birinchi bosqich talabalari o‘zlarini taklif hamda muammolari bilan murojaat qilib qiziqtirgan savollariga to‘liq javob oldilar.
Uchrashuvlar davom etmoqda...